O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 fevraldagi “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5647-son Farmoni bilan O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda uning tasarrufidagi hududiy boshqarmalar tashkil etildi.
Boshqarmaning vazifalari va funksiyalari
Quyidagilar boshqarmaning asosiy vazifalari va funksiyalari hisoblanadi:
Viloyat hududida Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni samarali bajarish;
transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish.
Boshqarma quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) tashuvlar, transport obyektlari xavfsizligini tashkil etish va ta’minlash yuzasidan yangi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va mavjudlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar kiritadi hamda boshqaruv organlari va xo‘jalik subyektlari tomonidan ularga rioya etilishini nazorat qiladi;
2) mavjud xalqaro yo‘laklardan samarali foydalanish va yangilarini tashkil etish bo‘yicha takliflar kiritadi;
3) transport va yo‘l xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha kompleks dasturlar va konsepsiyalarni, shuningdek, xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
4) shahar, shahar atrofi va shaharlararo-viloyat ichki yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini joylashtirish uchun ochiq tenderlarni o‘tkazish yuzasidan yo‘lovchi tashishlarni tashkil etish bo‘yicha komissiya ishini belgilangan tartibda tashkil etadi;
5) favqulodda vaziyatlarda, shuningdek xizmat ko‘rsatish huquqini yo‘qotgan bitta tashuvchidan yo‘nalishlarga xizmat ko‘rsatish huquqlarini tender asosida aniqlanadigan boshqa tashuvchiga berish o‘rtasidagi davrda ko‘rsatib o‘tilgan yo‘nalishlarga (tendersiz) to‘liq yoxud qisman xizmat ko‘rsatish huquqini vakolatli tashuvchilarga vaqtinchalik beradi;
6) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bo‘yicha Samarqand viloyati IIBB YHXB bilan kelishilgan holda Samarqand viloyatida shahar, shahar atrofi avtobus va yo‘nalishli taksi yo‘nalishlarini ochadi (yopadi) hamda o‘zgartiradi;
7) avtotashuvlar, avtovokzal, avtostansiyalar faoliyati, harakatlar tartibi, jadvallari va grafiklariga rioya etilishi, yo‘llarda harakatlanish tezligi monitoringi ma’lumotlari, harakatlar chizmasi, tashish tariflari, haydovchilarning mehnat va dam olish tartibiga rioya etishini boshqarish va dispetcherlik nazoratini o‘rnatishni tashkil etadi;
8) mahalliy davlat hokimiyati organlari va aholining transport va yo‘l xo‘jaligi faoliyatiga tegishli takliflarini ko‘rib chiqadi, ularni umumlashtirgan holda Vazirlik markaziy apparatiga taqdim etadi;
9) yo‘lovchilar yo‘nalishlaridagi to‘xtash bekatlarini xatlovdan o‘tkazadi, Vazirlik markaziy apparatiga to‘xtash bekatlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash yuzasidan takliflar kiritadi;
10) sanoat korxonalari harakatlanuvchi tarkibining umumiy foydalanishdagi temir yo‘llarga chiqishi uchun ruxsatnomalar berishni belgilangan tartibda ta’minlaydi;
11) avtomobil transportida shahar, shahar atrofi, shaharlararo yo‘lovchilar va yuk tashishlarni litsenziyalashni, litsenziya/litsenziya varaqalari reyestrini yuritishni amalga oshiradi;
12) O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 30 avgust kunidagi “Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi 278-I-sonli Qonuniga asosan shahar yo‘lovchilar transportida (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi yagona guvohnomalarni beradi;
Moliya yil yakunida shahar yo‘lovchilar transportida (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul yurish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar ro‘yxati inventarizatsiyasini yuritadi;
13) yo‘lovchilar tashishni amalga oshiradigan tashuvchilar tomonidan choraklik moliya hisoboti topshirilganidan keyin mahalliy davlat hokimiyati tegishli organi bilan oldingi chorakdagi ish yakunlari bo‘yicha qoplanishi kerak bo‘lgan amalda ko‘rilgan zararlar hajmini kelishish va aniqlash yuzasidan tegishli tartibda dastlabki xulosalar beradi;
14) huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tashuvchilar tomonidan yo‘lovchi transporti sohasida tashuvchilarning yo‘lovchilar hayoti, sog‘lig‘i va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazganlik uchun qonunda belgilangan o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha majburiyati bajarilmaganligi uchun aybdor shaxslarni qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarlikka tortish haqida taqdimnomalar kiritadi;
15) quyidagilarni nazorat qiladi:
tashuvchilar tomonidan yo‘lovchilar hayoti, sog‘ligi va (yoki) mulkiga zarar yetkazganlik uchun qonun hujjatlarida o‘rnatilgan fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalashga oid majburiyatlarning bajarilishi;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi;
avtomobil transportida yo‘lovchilar va yuk tashishni amalga oshiruvchi avtotransport vositalarida litsenziya varaqalarining mavjudligi;
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamg‘armasidan yo‘lovchilar avtovokzallari, avtostansiyalar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tasarrufida bo‘lgan umumiy foydalanishdagi yo‘lovchilar yo‘nalishlaridagi to‘xtash bekatlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan pul mablag‘laridan maqsadli foydalanilganligi, Boshqarma xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan mablag‘larning sarflanishi;
avtomobilda xalqaro tashishni amalga oshirishda ruxsatnoma berish tizimi talablariga rioya etilishi;
avtotransport vositalarining vazn va hajm parametrlariga rioya etilishi.
Boshqarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshirishi mumkin.
Boshqarmaning huquqlari hamda javobgarligi
Boshqarma o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan ular vakolatiga tegishli masalalarni hal etish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni belgilangan tartibda bepul so‘rash va olish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlariga vakolatiga tegishli masalalar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun kiritish.
Boshqarma quyidagilar uchun javobgar:
1) Boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishini ta’minlash;
2) Vazirlikka kiritilayotgan hujjatlar va takliflar, shuningdek, qabul qilinayotgan qarorlar loyihalarining sifati, ularni amalga oshirish yakuniy natijalari;
3) Viloyat transport va yo‘l xo‘jaligi sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflarni aniqlangan muammolarni har tomonlama va chuqur tahlil qilish hamda umumlashtirish asosida tayyorlash;
4) Viloyatda transport va yo‘l xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, muammoli masalalarni hal etish bo‘yicha dasturlar, chora-tadbirlar rejalari, «yo‘l xaritalari» va boshqa dasturiy hujjatlarni samarali amalga oshirish;
5) fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularga rioya etilishini ta’minlash uchun mas’uldir.