2021-yilning 1-noyabr holatiga 807 nafar jismoniy shaxslarning 120 nafari, 14,9 foizi qaror talablarini bajargan

03.11.2021

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-maydagi “Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5108-son qarori bilan yo‘lovchilarni haydovchidan tashqari to‘rttadan ortiq bo‘lmagan o‘rindiqlarga ega bo‘lgan yengil avtotransport vositalarida tashish faoliyati yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritildi.

Viloyat transport xodimlarining olib borgan tushuntirish-targ`ibot ishlariga qaramasdan ko`plab hollarda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro`yxatdan o`tganlik guvohnomasi bilan yo`lovchi tashish holatlari kuzatilmoqda. Agar ochiqlangan ma`lumotlarga e`tibor qaratadigan bo`lsak, Samarqand viloyatida 807 nafar jismoniy shaxs yakka tartibdagi tadbirkor sifatida yo`lovchi tashish sohasida faoliyat olib borish uchun ro`yxatdan o`tganligi ma`lum qilindi. Biroq, 2021-yilning 1-noyabr holatiga 807 nafar jismoniy shaxslarning 120 nafari, 14,9 foizi qaror talablarini bajargan xolos. Ya`ni, yo`lovchi tashish uchun litsenziya olgan.

Hurmatli haydovchilar qarorda belgilanganidek, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yo‘lovchilarni yengil avtotransport vositalarida yo`lovchi tashish faoliyati litsenziya varaqasiga asosan amalga oshiriladi. Yakka tartibdagi tadbirkorlik guvohnomasi yo‘lovchilarni tashish huquqini beruvchi litsenziya varaqasi hisoblanmaydi. Jismoniy shaxslar yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgandan keyin yo‘lovchilarni tashish faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziya varaqasiga ega bo‘lishi shart. Litsenziya varaqasi 21 yoshga to‘lgan va boshqaruvida arizani berish vaqtida 10 yildan ortiq bo‘lmagan vaqt davomida ekspluatatsiya qilinayotgan avtomobil transporti mavjud bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga “Litsenziya” axborot tizimi orqali beriladi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, yakka tartibdagi tadbirkor guvohnomasi asosida Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilib tegishli tartibda litsenziya olishni tavsiya etamiz.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati