"EGIS Enternational" konsorsiumi menejeri Alain Gaudri bilan uchrashuv

16.12.2021

Jamoat transportini xizmat sifatini oshirish, ma’nan eskirib borayotgan avtobuslarni yangilariga almashtirish, uning ishlash mexanizmini tartibga solish bo‘yicha bir qator amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Xususan, Samarqandda transport tizimini tubdan isloh qilish, yo‘lovchi tashish sohasini tartibga solish yuzasidan yangi loyiha ishlab chiqildi. Endilikda, ushbu loyihani amaliyotga tatbiq etish ishlari olib borilmoqda. Birinchi navbatda avtobuslar parkini yangilash, “yashil shahar” doirasida elektrobuslar harakatini yo‘lga qo‘yish masalasi turibdi.
Bu borada ham birinchi qadamlar qo‘yildi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) bilan “Yashil shaharlar” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “Samarqand shahri uchun elektr avtobuslar xarid qilish hamda ular bilan bevosita bog‘liq infratuzilmani yaratish” loyihasi doirasida yevropalik mutaxassislar Samarqandda bo‘lishdi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i I.Xamrayev, viloyat Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi bosh mutaxassisi N. Xoshimov hamda mazkur loyiha doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan yollangan "EGIS Enternational" konsorsiumi menejeri Alain Gaudri hamda mahalliy konsultant sifatida tanlab olingan "IKS" kompaniyasi direktori N.Nurmuhammedovlar o‘rtasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda yevropalik mutaxassis loyihaning texnik talablari va tender hujjatlari yuzasidan o‘zini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
O‘z navbatida I.Xamrayev Samarqandga elektrobuslarni olib kelish jarayonini imkon qadar tezlashtirish hamda elektrobuslar uchun yangi avtosaroy tashkil qilinayotganligini va ushbu hududda qayta ta’mirlash ishlari olib borilishi, elektrobuslarni quvvatlantiruvchi elektr stansiyasi barpo qilinishi lozimligini ta’kidladi. Shu bilan elektrobuslarni yetkazib beruvchi zavodda haydovchilarni qayta tayyorlash ishlarini tezkorlik bilan boshlash lozimligini aytdi.
"EGIS Enternational" konsorsiumi menejeri Alain Gaudri elektrobuslarning texnik tavsifi va tender shartlarini tez kunlarda tanishib chiqish uchun taqdim etishini ma’lum qildi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati