Rivojlanishini ortga suruvchi omillardan voz kechish davr talabidir

Viloyat transport boshqarmasida xodimlar o‘rtasida korrupsion holatlarning oldini olish, ijro intizomini mustahkamlash borasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda boshqarma xodimlariga korrupsion holatlarni keltirib chiqaruvchi va imkon beruvchi omillar, pora olish yoki pora berishning qanchalik salbiy oqibatlarga olib kelishi yuzasidan batafsil tushuncha berildi. Shu bilan birgalikda ijro intizomini mustahkamlash, berilgan vazifa va topshiriqlarni sidqidildan bajarish bugungi kunning muhim talablaridan ekanligi ta’kidlandi.
Har bir xodim muomala madaniyati, kasb etikasiga rioya qilgan holda fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda murojaatchi bilan xushmuomalada bo‘lishi lozim. Xizmat vakolatidan foydalanib o‘zgalarga tazyiq o‘tkazmaslik, ularga o‘z manfaati yo‘lida topshiriqlar yoki iltimoslar qilmaslik bugungi kun davlat xizmatchisidan talab qilinadigan ma’suliyatli vazifadir. Ayniqsa, noqonuniy yo‘lovchi tashishga qarshi kurashda yoki tashuvlar sifatini nazorat qilishda har bir inspektor o‘z xizmat vazifasini suistemol qilmasligi, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi harakatlarga va ularga imkon beruvchi omillarga aralashmasliklari shart. Mahalliychilik, tanish-bilishchilik kabi salbiy illatlardan umuman voz kechish vaqti keldi, dedi boshqarma boshlig‘i A.Ashurov.
Albatta, shaffoflik, ochiqlik siyosati amalga oshirilayotgan bugungi kunda poraxo‘rlik, ta’magirlik, moddiy manfaatni ustun qo‘yish kabi iqtisodiy rivojlanishini ortga suruvchi omillardan voz kechish davr talabidir. Korrupsiyaga qarshi kurash borasida birinchi navbatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish muhim ahamiyat kasb etadi. Poraxo‘rlik, tamagirlik kabi huquqbuzarliklarni aniqlash va ularga chek qo‘yish, bunday jinoyatlarga qarshi jazo muqarrarligini har bir shaxs bilishi zarur. Ushbu illatning naqadar mudhish ekanini tushungan, uni ongli ravishda idrok etgan odam bu jinoyatga qo‘l urmaydi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati