10 nafar huquqbuzarga jarima tayinlandi

Samarqand viloyati transport boshqarmasida Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining sudyasi ishtirokida sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda ma’muriy huqubuzarliklarga huquqiy baho berildi.
Dastlab sudya Z.Axmedova yig‘ilganlarga huquqbuzarlikning oqibatlari, Qonunda belgilangan talablarning buzilishi oqibatida qo‘llaniladigan jazo turlari to‘g‘risida tushuntirish berdi. Barchani Qonun talablariga rioya qilgan holda faoliyat olib borishga chaqirdi.
Shundan so‘ng, viloyat transport boshqarmasi inspektorlari tomonidan aniqlangan ma’muriy huquqbuzarlik ishlari ko‘rib chiqildi.
Sayyor sud majlisida 10 nafar fuqaroga yo‘lovchi tashish talablarini buzganligi uchun ma’muriy jarimalar belgilandi. O‘z aybini tushunib, yo‘lovchi tashish uchun tegishli tartibda litsenziya olgan 5 nafar fuqaroning ishi O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 271-moddasiga asosan harakatdan to‘xtatildi. Bundan tashqari 3 nafar fuqaroga litsenziya olish uchun Qonunda belgilangan tartibda 30 kunlik muhlat berildi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati