107 ta taksi litsenziya varaqasiga ega bo‘lmasdan turib yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullangan

14.10.2021

Samarqand viloyati transport boshqarmasida yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi avtokorxonalar rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda 2021 yil 15 iyuldagi O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida” Qonuni, 2021 yil 29 iyundagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil transporti sohasida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 399-sonli qarori, 2021 yil 7 maydagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5108-son qarori ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, yo‘nalishsiz taksilarda litsenziya talab va shartlariga rioya qilmaslik holatlari, tozaligiga e’tibor qaratmaslik, buning natijasida yo‘lovchilarning e’tirozlari ortib borayotganligi muhokama qilindi. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 107 ta yo‘nalishsiz taksi litsenziya varaqasiga ega bo‘lmasdan turib yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullangan. Raqamlarning asosiy qismi “Sam-Madad Trans” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga to‘g‘ri keladi, ya’ni 45 avtotransport vositasi liqenziya varaqasiga ega bo‘lmasdan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatgan. "SAYOHAT DARXON TRANS" MCHJ, "KAMALAK AVTO TRANS" MCHJ, “Maslahat Ziyo sho'lasi” MCHJlarga tegishli 7 tadan avtotransport vositasi noqonuniy ishlagani qayd qilingan.

Yig‘ilishda ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni tez orada bartaraf etish, yo‘nalishsiz taksilarga qo‘yilgan talablarni bajarish uchun avtokorxona rahbarlari vazifador qilindi.

Ma’lumot o‘rnida: bugungi kunda Samarqand viloyatida jami 5556 ta to‘rt o‘rindiqli yengil avtotransport vositalarida yo‘nalishsiz taksi xizmati ko‘rsatib kelinmoqda. Shundan 5460 tasi (sariq rangli, TT raqamli 4571 ta va boshqa rangli 889 ta) 260 ta tashuvchi korxonalar hisobida bo‘lsa, qolgan 96 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlarga tegishli.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati