13153 nafar fuqaro yo‘lovchi tashish sohasida o‘zini o‘zi band qilgan

10.01.2024

Xabaringiz bor, avtotransport vositalaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, respublikada yo‘lovchi tashish transporti tizimini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, ishsizlikni qisqartirish hamda transport xizmatlari bozorini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyulda “Avtotransport vositalarini boshqarishda va yo‘nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risida” qarori qabul qilingan edi. Ushbu qaror bilan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yo‘lovchilarga tijorat asosida transport xizmatini ko‘rsatishiga ruxsat berildi.

Bugungi kunda Samarqand viloyatida 13153 nafar fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lgan to‘rt o‘rindiqli yengil avtotransport vositalarida yo‘lovchi tashish sohasida o‘zini o‘zi band qilib, litsenziya olgan.

 Avtobuslarda aholiga transport xizmatini ko‘rsatish borasida esa 40 ta yuridik shaxs 477 ta transport vositasi bilan yo‘nalishlarda yo‘lovchilarning xizmatida. Ushbu raqamlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, viloyat miqyosida avtobusda yo‘lovchi tashish uchun Samarqand shahrida 251 ta avtobus bor. Biroq, bu ko‘rsatgich umumiy talab qilinadigan avtobuslarning 50 foizi, xolos. Nurobod, Oqdaryo, Toyloq tumanlarida esa bu ko‘rsatgich nolga teng.

Bundan tashqari, turizm sohasi va ishlab chiqarish korxonalarida 23 ta litsenziatda 109 ta avtobus mavjud.

Shu o‘rinda yo‘nalishli taksi yo‘nalishlarida 11 ta litsenziat 103 ta transport vositalari bilan yo‘lovchilar xizmatida bo‘lsa, 23 ta litsenziat 59 ta avtotransport vositasida shartnoma asosida (turizm, xizmatchi va h.k.) faoliyat yuritayotganligini ham qayd etish lozim. Shuningdek, yo‘nalishli taksi yo‘nalishlarida 82 ta litsenziat 1783 ta Damas rusumli transport vositasi bilan yo‘lovchilarga transport xizmatini ko‘rsatib kelmoqda.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi