2023-yil Samarqand shahrida jamoat transportida tub o‘zgarishlar yili bo‘ladi

Aholining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, tizimni tubdan isloh qilish davr talabi bo‘lib turibdi. Sohaga berilayotgan imkoniyatdan oqilona foydalangan holda yo‘lovchi tashish tizimini yangi bosqichga olib chiqish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan biri.
Joriy yilning 31-yanvar sanasida Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev huzurida Toshkent shahri va viloyat markazlarida jamoat transportini moliyalashtirishning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda sohada muammolar to‘planib qolgani, ularni hal etish uchun transport boshqarmalari va avtobus parklarida hozirgi ish tizimini o‘zgartirish zarurligi qayd etilib, moliyalashtirish, avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish, avtoparklarni yangilash va infratuzilmani takomillashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilish chora-tadbirlari belgilab berildi.
Davlatimiz rahbari jamoat transporti aholiga qulay, tadbirkorlarga jozibador bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Transport parkini izchil yangilab borish ham muhim. Yig‘ilishda sohani rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Jumladan, jamoat transporti yo‘nalishlari bo‘yicha ochiq tenderda avtobuslarning yangilik darajasi asosiy mezon etib belgilanadi. Tashuvchilarga to‘lanadigan mablag‘larni shakllantirishda har yili avtobuslarning 20 foizini yangilab borish xarajatlari ko‘zda tutiladi.
Bundan tashqari, tadbirkorlar olib kelgan yangi avtobuslar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi. Avtobuslar sotib olish uchun 10 yilgacha muddatga imtiyozli kredit beriladi. Bu albatta, aholini jamoat transportiga bo‘lgan talabini qondirish barobarida sohaga berilayotgan e’tibordan dalolatdir.
Samarqand shahrida jamoat transporti tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, xizmat sifatini yaxshilash borasida dastlabki qadamlar tashlandi desak muoblag‘a bo‘lmaydi. Birinchi navbatda, yo‘lovchi tashish tizimining jozibadorligini oshirish maqsadida transport master rejasi ishlab chiqildi. Aynan mazkur rejaga asosan bugungi kunga qadar bo‘lgan barcha yo‘nalishlar qayta ko‘rib chiqildi. Takrorlanuvchi yo‘nalishlarga barham berish maqsadida yangi yo‘nalishlar tarmog‘i shakllantirildi. Bunda bevosita yo‘lovchilar oqimi hisobga olindi.
Endilikda oldimizda turgan vazifalardan biri mazkur master rejani amaliyotga tadbiq etishdan iborat.
Samarqand shahar infratuzilmasini rivojlantirish hamda “Simetra” xorijiy kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Master rejada keltirilgan yo‘nalishlardan 41 ta yangi avtobus yo‘nalishlari, jumladan 8 ta magistral va 33 ta yetkazib beruvchi yo‘nalishlarni tashkil etish yuzasidan “Viloyatda ochilishi rejalashtirilayotgan yo‘nalishlarning harakat xavfsizligi talablariga muvofiqligini aniqlash bo‘yicha” komissiyasining xulosasi tasdiqlandi.
Harakat tarkibini barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy katta va o‘rta sig‘imli avtobuslar bilan yangilash maqsadida “Maroqand Trans 777” MCHJ tomonidan Xitoy Xalq Respublikasidan 100 dona avtobuslar olib kelinishi uchun shartnoma imzolandi. Shartnomaga muvofiq pul mablag‘lari o‘tkazigach, dastlabki 28 ta avtobus olib kelindi. Qolgan avtobuslarni ham tez orada olib kelinib, yo‘nalishlarga chiqariladi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Samarqand viloyat hokimligi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida umumiy qiymati 95,0 mln. dollarlik “Samarqand shahar jamoat transporti uchun 350 ta elektr avtobuslar harid qilish hamda ular bilan bevosita bog‘liq infratuzilmani yaratish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha “Mandat maktub”i imzolandi.
Viloyat transport boshqaramasi muassisligidagi “Samarqand yo‘lovchi trans” DKga Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan ajratiladigan kredit mablag‘lari hisobidan 350 dona elektrobuslarni olib kelish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, dastlabki 100 dona elektrobuslarni xarid qilish yuzasidan xalqaro tender jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda.
Jamoat transportida shaharning bir nuqtasidan ikkinchisiga eng uzun yo‘nalish bo‘yicha uzog‘i bilan 30 daqiqada yetib borish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida Samarqand shahrining Bo‘stonsaroy va Ibn Sino nomli ko‘chalarida 5,5 km. masofada jamoat transporti uchun alohida yo‘laklarni tashkil etish uchun yotiq chiziqlar chizilgan. Hozirda jamoat transporti uchun mo‘ljallangan alohida tasmada yo‘l belgilarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda 2023-yil Samarqand shahrida jamoat transportida tub o‘zgarishlar yili bo‘ladi.
Akobir Ashurov,
Samarqand viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i