206-sonli shahar atrofi avtobus yo‘nalishida transport vositalari harakati yo‘lga qo‘yilgan

Joriy yilning 26-aprel sanasida Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi Самир Самир tomonidan Samarqand tumani, “Rajabamin” mahallasiga shahar avtobus yo‘nalishlarini qaytarish bo‘yicha videomurojaat qoldirildi.
Avvalambor, fuqaroga mazkur turdagi murojaati yuzasidan bir necha bor o‘zi bilan uchrashgan holda holat yuzasidan tushuntirishlar berilganligini, ushbu mahalla hududi orqali 206-sonli shahar atrofi avtobus yo‘nalishida transport vositalari harakati yo‘lga qo‘yilganligini ma’lumot o‘rnida aytib o‘tmoqchimiz.
Endi asosiy masalaga qaytsak: Samarqand shahar avtobus yo‘nalishlarida harakatlanuvchi transport vositalari bosqichma-bosqich O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori asosida Brutto-shartnoma tizimiga o‘tkazib borilmoqda. Bunda jamoat transportida xizmat sifatini oshirish maqsad qilingan.
Samarqand shahar transport Bosh rejasidan o‘rin olgan 74-sonli “Sartepa maskani-Cho‘pon ota avtovokzali” shahar avtobus yo‘nalishidagi transport vositalari ham tender tanlovlari asosida Brutto-shartnomasi imzolangan.
Biroq, 74-sonli “Sartepa maskani-Cho‘pon ota avtovokzali” shahar avtobus yo‘nalishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga doir talablarni tasdiqlash haqida” 482-sonli qarori talablariga asosan shahar chegarasida qisqartirilgan.
Qarorda shahar jamoat transportiga tarif berilar ekan, shahar chetidan ko‘pi bilan 2 km chetga chiquvchi shaharda qatnovchi yo‘nalishlar, deb ko‘rsatib o‘tilgan.
Qisqartirilgan shahar avtobus yo‘nalishlari uchun shahar atrofi yo‘nalishlarini tashkil etib borilmoqda.