219-raqamli «No‘sh - Tut - Shohi Zinda ABB» yo‘nalishi qayta tiklandi

Bundan bir yil muqaddam, aniq qilib aytadigan bo‘lsak 2022-yilning mart oyiga qadar Jomboy tumanining No‘sh, To‘qqizboy, Tut mahallalari aholisi jamoat transportidan foydalanar edi. Biroq, turli xil sabablar bilan hududni Samarqand shahri bilan bog‘lovchi yo‘nalishdagi avtobuslar harakati to‘xtab qolgan. Buning oqibatida hududda transport muammosi kelib chiqib, yo‘l kira narxlarining sezilarli darajada oshib borganligini aholining murojaatlaridan bilib olish mumkin.
Viloyat transport boshqarmasi tomonidan olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida yo‘nalish qayta tiklandi. Bu esa aholiga manzur bo‘ldi.
Bugungi kunda 219-raqamli «No‘sh - Tut - Shohi Zinda ABB» yo‘nalishida 5 dona Isuzu rusumli avtobuslar aholiga transport xizmati ko‘rsatmoqda. Yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi avtokorxona “Azim logistik texservis” MChJ rahbariyatining ma’lum qilishicha, yo‘lovchilar oqimiga qarab avtobuslar soni oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu yo‘nalish Jomboy tumanidagi No‘sh, To‘qqizboy, Tut, Pardi mahallalarini Samarqand shahri bilan bog‘laydi. Yo‘nalishdagi avtobuslar harakati Samarqand shahridagi Siyob bozori orqali Shohi Zinda avtoboshbekatida yakunlanadi. Yo‘nalish uzunligi 18 kilometr bo‘lib, yo‘l kira narxi umumiy masofaga 3000 so‘mni tashkil qiladi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati