Munosabat: Haydovchilar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi

Joriy yilning 15-mart kuni Samarqand-LIVE telegram kanalida avtobusning yo‘l transport harakati ishtirokchilariga noqulaylik tug‘dirganligi yuzasidan murojaat e’lon qilindi. Holat yuzasidan viloyat transport boshqarmasi xodimlari “Suxrobtransservis” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tushuntirish ishlari olib borishdi.
66-raqamli “Uzoq lager – Ipak yo‘li bozori” shahar avtobus yo‘nalishida harakatlanuvchi, davlat raqami 70/563 BBA bo‘lgan avtobus haydovchisi avtobekatga kirish maqsadida boshqa transport vositalari harakatiga to‘sqinlik qilgan.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, haydovchi yo‘l harakati qoidalarini buzmagan, biroq ortda kelayotgan avtotransport vositalari uchun noqulayliklar tug‘dirgan.
Ushbu holat “Suxrobtransservis” MCHJda Samarqand viloyati transport boshqarmasi inspektorlari ishtirokida korxona haydovchilar o‘rtasida muhokama qilindi. Unda bo‘lib o‘tgan holat takrorlanmasligi uchun yo‘lovchi tashish transporti haydovchilarining mas’uliyati va majburiyati yana bir bor eslatib o‘tildi. Barcha haydovchilardan harakat vaqtida hushyorlikni oshirish talab qilindi.
P.S. Viloyat transport boshqarmasi nafaqat jamoat transporti haydovchilaridan, balki barcha yo‘l harakati ishtirokchilaridan avtotransport vositasini boshqarayotganda qoidalarga so‘zsiz rioya qilishlarini so‘rab qoladi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati