Korrupsiya - taraqqiyot kushandasi


Korrupsiya barcha davrlarda jamiyat tarqqiyoti uchun to‘siq bo‘lib kelgan. Davlatning rivojiga salbiy ta’sirini o‘tkazibgina qolmay, uning tanazzulga yuz tutishiga sabab bo‘lgan. Ana shunday manfur illatga qarshi barcha birdek kurashsagina uning oldini olish mumkin. Aks holda bu illatning keng quloch yoyishi demokratik jarayonlarning amalga oshishiga to‘sqinlik qiladi. Shu bilan birgalikda korrupsiya iqtisodiy rivojlanishning sekinlashishiga sababchi bo‘lib, kadrlar sifatining pasayishi oqibatda barcha sohalarning oqsashiga, aholi orasida hukumatga bo‘lgan ishonchning yo‘qolishiga olib keladi.
Sohada korrupsion holatlarning oldini olish, ijro intizomini mustahkamlash borasida Samarqand viloyati transport boshqarmasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda boshqarma xodimlariga “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va uning mohiyati, korrupsiyaning salbiy oqibatlari, korrupsiyaviy holatlarini keltirib chiqaruvchi va imkon beruvchi omillar, pora olish yoki pora berishning qanchalik salbiy oqibatlarga olib kelishi yuzasidan batafsil tushunchalar berildi.
Xizmat vakolatidan foydalanib o‘zgalarga tazyiq o‘tkazmaslik, o‘z manfaati yo‘lida topshiriqlar yoki iltimoslar qilmaslik bugungi kun davlat xizmatchisidan talab qilinadigan ma’suliyatli vazifadir. Ayniqsa, noqonuniy yo‘lovchi tashishga qarshi kurashda yoki tashuvlar sifatini nazorat qilishda har bir inspektor o‘z xizmat vazifasini suiste’mol qilmasligi, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi harakatlarga (pora olish, berish) va ularga imkon beruvchi omillarga aralashmasliklari shart. Mahalliychilik, tanish-bilishchilik kabi salbiy illatlardan umuman voz kechish vaqti keldi, dedi boshqarma boshlig‘i I.Xamrayev.
Albatta, shaffoflik, ochiqlik siyosati amalga oshirilayotgan bugungi kunda poraxo‘rlik, ta’magirlik, moddiy manfaatni ustun qo‘yish kabi iqtisodiy rivojlanishini ortga suruvchi omillardan voz kechish davr talabidir. Korrupsiyaga qarshi kurash borasida birinchi navbatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish muhim ahamiyat kasb etadi. Poraxo‘rlik, tamagirlik kabi huquqbuzarliklarni aniqlash va ularga chek qo‘yish, bunday jinoyatlarga qarshi jazo muqarrarligini har bir shaxs bilishi zarur. Ushbu illatning naqadar mudhish ekanini tushungan, uni ongli ravishda idrok etgan odam bu jinoyatga qo‘l urmaydi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axbort xizmati