Munosabat: belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi

Bugun,15-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlardagi Samarkand & Самаркандцы telegram guruhida 60-raqamli “Sattepo maskani - Boqiy shahar” yo‘nalishida harakatlanuvchi avtobusni 40 daqiqadan ziyod kutganligi hamda oraliq bekatlarda to‘xtamasdan harakatlanishi yuzasidan murojaat tarqaldi.
Mazkur murojaat viloyat transport boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi.
60-raqamli “Sattepo maskani - Boqiy shahar” yo‘nalishida “Marokand trans 777” MCHJga tegishli avtobuslar aholiga xizmat ko‘rsatadi. Kuzatuvlarga ko‘ra, bugun, 15-avgust sanasida rejaga muvofiq 5 ta avtobus yo‘nalishda chiqarilgan.
Haydovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat davomida tirbandliklar sababli ba’zan oraliq intervalda cho‘zilishlar kuzatilayotganligi ma’lum bo‘ldi. Suhbat davomida yo‘lovchilar bilan samimiy munosabatda bo‘lish, oraliq bekatlarga to‘xtab o‘tish, jamoat transportiga qo‘yilgan talablarga to‘liq rioya qilgan holda xizmat ko‘rsatish lozimligi tushuntirildi. Aks holda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.