Haydovchiga intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi

15.11.2023

Ijtimoiy tarmoqlarda M12-“Hazora ABB - Toyloq tuman markazi” shahar avtobus yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi transport vositasi haydovchisi tomonidan yo‘lovchi tashishga qo‘yilgan talablarga zid ravishda avtobusga me’yordan ortiq yo‘lovchi olganligi hamda old eshiklarini ochiq holda harakatlanganligi yuzasidan murojaat tarqaldi.

 Holat viloyat transport boshqarmasi mutasaddilari tomonidan o‘rganildi. M12-“Hazora ABB - Toyloq tuman markazi” shahar avtobus yo‘nalishida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalari haydovchilari bilan alohida suhbat o‘tkazilib, jamoat transporti haydovchisining majburiyatlari, unga qo‘yilgan talablar birma-bir tushuntirildi. Yo‘l harakati qoidalariga so‘zsiz rioya qilish, yo‘lovchilarning hayotini xavf ostida qoldirmaslik, ular bilan samimiy munosabatda bo‘lish, quvib o‘tish qoidalarini buzmaslik yuzasidan tushuntirish berildi.

 Yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi korxona rahbariyati vaziyatni to‘g‘ri baholab, kelgusida shu kabi qoidabuzarliklar takrorlanishining oldini olish maqsadida davlat raqami belgisi 30 837 LBA bo‘lgan avtobus haydovchi E.M.ga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘lladi hamda 10 kun davomida yo‘nalishdan olinib, avtosaroy ichki ishlariga jalb qilish belgilandi. Yuqoridagi kabi holat takrorlangan taqdirda u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi belgilab qo‘yildi.

 Viloyat transport boshqarmasi yo‘lovchilarga sifatli transport xizmati ko‘rsatilishi tarafdori. Jamoat transporti haydovchilari tomonidan yo‘l qo‘yilgan har qanday qoidabuzarliklarni keskin qoralaydi hamda yo‘lovchi tashish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini sifatli xizmat ko‘rsatishga chaqiradi.