26-raqamli yangi yo`nalish ochildi

Samarqand shahar Qorasuv maskani kundan kun chiroy yozib, kengayib bormoqda. U yerda qurilayotgan ko‘p qavatli uylar hisobiga aholi sonida sezilarli darajada o‘sish kuzatilayapti. Buni jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyojning ortganligidan ham bilish mumkin. Hozirda Samarqand shahrini Qorasuv massivi bilan bog‘lovchi 4 ta yo‘nalish – 8 - raqamli “Badal qishlog‘i - Obod maskan mahallasi”, 27 - raqamli “Temiryo‘l ABB – Obod maskan mahallasi”, 30 - raqamli “Sattepo massivi – Obod maskan mahallasi” hamda 35 - raqamli “Hazora ABB – Obod maskan mahallasi” yo‘nalishlari mavjud. Biroq, kunning tig‘iz vaqtida tashuvlarda ulgurmaslik holatlari kuzatilmoqda. Buni bevosita aholidan kelib tushayotgan murojaatlarda ham kurish mumkin.
Aholining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida “Obod maskan” mahallasida yangi yo‘nalishda avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yildi. Endilikda ushbu hudud aholisi yangi - 26-raqamli “Qorasuv massivi – Ipak yo‘li bozori” shahar avtobus yo‘nalishida harakatlanuvchi transport vositalaridan foydalanishlari mumkin. Sinov tariqasida yo‘lga qo‘yilgan ushbu yo‘nalishda hozirda 4 ta avtobus harakatlanayotgan bo‘lsa, yo‘lovchilar oqimini hisobga olib keyinchalik ularning soni oshirilib boradi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati