27-raqamli shahar avtobus yo‘nalishi yangi harakat sxemasi asosida qayta tiklandi

27.02.2023

Samarqand shahar jamoat transportini tartibga solish, Simetra xorijiy korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi yo‘nalishlar tarmog‘ida avtobuslar harakatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berib kelmoqdamiz.

 

Bugun, 27-fevral sanasidan boshlab Samarqand shahar Qorasuv massivini Temiryo‘l vokzali bilan bog‘lovchi 27-raqamli shahar avtobus yo‘nalishi yangi harakat sxemasi asosida qayta tiklandi. Ushbu yo‘nalish Temiryo‘l vokzalidan boshlanib Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Mahmud Qoshg‘ariy, Amir Temur, Shohruh Mirzo, Universitet xiyoboni, Registon, Dahbed, Motrid ko‘chalari hamda Samarqand xalqa yo‘li orqali Qorasuv massivida yo‘nalishni yakunlaydi.

 

E’tibor qilgan bo‘lsangiz, endilikda ushbu yo‘nalishda harakatlanuvchi avtobuslar Mir Said Baraka nomli ko‘chadan emas, balki Mahmud Qoshg‘ariy nomli ko‘chadan Amir Temur nomli ko‘cha tomon harakatlanadi.

 

Yo‘nalishda “Maroqand trans 777” MCHJ tomonidan olib kelingan avtobuslar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.

 

Yonalishning umumiy uzunligi 17 km bo‘lib unda 8 ta avtobus 12 -15 daqiqalik interval asosida harakatlanadi. Yo‘l kira narxi 1400 so‘mni tashkil qiladi. Avtobuslar elektron to‘lov tizimiga moslashtirlgan hamda GPS trekerlari orqali onlayn kuzatib boriladi.

 

“Maroqand trans 777” MCHJ ta’sischisi Farhod Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasidan yana 55 ta avtobus tez orada Samarqandga olib kelinib, yo‘nalishlarga chiqariladi.

 

Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati