91 va 12-shahar avtobus yo‘nalishidagi avtobus haydovchilarining qoidabuzarligi muhokama qilindi

#Munosabat
Shahar yo‘lovchilar transporti. Aslida aholi uchun eng qulay bo‘lgan transport turi. Biroq, keyingi vaqtlarda u o‘zining majburiyatlarini bajara olmayotganligi sir emas. Buning bir qancha sabablari bor. Hozir bu haqda emas, balki yo‘lovchilar tomonidan yo‘llangan murojaatning ijrosi haqida so‘z yuritamiz.
Joriy yilning 8-iyun kuni Samarkand & Самаркандцы telegram guruhida davlat raqami 30/397 YAA bo‘lgan, 91-shahar avtobus yo‘nalishida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositasi haydovchisi harakat davomida qo‘l telefonidan foydalanishi yo‘lovchilar e’tiroziga sabab bo‘lgan. Shuningdek, 10-iyun sanasida davlat raqami 30/531 YAA bo‘lgan? 12-shahar avtobus yo‘nalishida harakatlanuvchi transport vositasining haydovchisi tomonidan yo‘lovchilarga nisbatan qo‘pollik qilganligi yuzasidan murojaat tarqaldi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi xodimlari murojaatlar ijrosini ta’minlash, haydovchilar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish maqsadida har ikkala holatni ham tezkorlik bilan o‘rganib chiqdi.
O‘rganish davomida mazkur transport vositalari “Samarqand hamkor trans” MChJga tegishli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Haydovchilar bilan suhbat chog‘ida videomurojaatdagi holatlar o‘z tasdig‘ini topdi.
Mazkur holatlarga barham berish maqsadida avtokorxona haydovchilari o‘rtasida tushuntirish targ‘ibot ishlari olib borildi. Unda haydovchilarga shahar avtobus yo‘nalishlarida xizmat sifatini oshirish, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilish, yo‘lovchilar bilan munosabatga kirishishda odob-axloq qoidalaridan chiqmaslik, har qanday holatda ham samimiy bo‘lish kerakligi tushuntirildi.
“Samarqand hamkor trans” MChJ rahabariyati yo‘lovchilarga qo‘pollik qilgan haydovchi M.A. hamda harakat davomida telefondan foydalanganligi uchun haydovchi Sh.R.ga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganligini ma’lum qildi. Shuningdek, ushbu holatlar takrorlangan taqdirda ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi yuzasidan qaror qabul qildi.
Haydovchilar jamoa oldida o‘z qilmishidan pushaymonligini bildirib, qilgan xatosi uchun kechirim so‘radi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati