“ATTO” yagona transport kartasi, Humo, Uzcard (yangisi), Viza, Mastercard hamda smartfonlar orqali to‘lovni amalga oshiring

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-noyabrdagi "Umumiy foydalaniladigan transportda yo’lovchi tashishda yo’lkira haqini to’lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish to’g’risida"gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Samarqand shahrida mavjud avtobuslarga "Avtomatlashtirilgan transport to'lov tizimi operatori" MCHJ bilan hamkorlikda yangi validatorlar ishga tushirildi. Yo‘lovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida validatorlar har bir avtobusning kirish qismidagi tayanch tutqichlarga o‘rnatildi.
Endilikda yo‘lovchilar “ATTO” yagona transport kartasi, Humo, Uzcard (yangisi), Viza, Mastercard hamda smartfonlar orqali (Play Marketdan “ATTO” ilovasini yuklab olib) to‘lovni amalga oshirishi mumkin. Bir kartadan birinchi va ikkinchi to‘lovni amalga oshirish vaqti xavfsizlik nuqtai nazaridan 6 daqiqa qilib belgilandi.
Bugungi kunda Samarqand shahrining 8 ta nuqtasida “ATTO” yagona transport kartalarini sotish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Temiryo‘l ABB hududida, “Beruniy” ko‘chasidagi “Temiryo‘l shifoxonasi” bekatida, Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasidagi Markaziy poliklinika ro‘parasida, Dahbet va Rudakiy chorrahasidagi 2 ta bekatda, “Shodiyona” savdo majmuasida, “Universitet xiyoboni” (Filologita fakulteti) bekatida, shuningdek, viloyat transport boshqarmasida “ATTO” yagona transport kartalarini xarid qilishingiz mumkin. Mazkur transport kartalarining narxi 10 000 so‘m.
Bugungi kunda shahar avtobus yo‘nalishlarida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi mavjud 288 ta avtobuslarda validatorlar o‘rnatildi. Shuningdek, 13 ta tramvay vagonlari ko‘chma validatorlar bilan ta’minlandi.
Hurmatli samarqandliklar! Marhamat yaratilgan imkoniyatdan foydalaning!
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati