Avtoboshbekatdan foydalanishi zarurligi yuzasidan ko‘rsatma berildi

19.01.2023

Avtomobil yo‘llaridagi tirbandliklarning oldini olish maqsadida Bulung‘ur tumanida avtoboshbekat foydalanishga topshirilganligi haqida xabar bergan edik. Biroq, hali-hanuz avtomobil yo‘lidan avtoturargoh sifatida foydalanib keluvchi haydovchilar ko‘plab topiladi.

Tuman bozori hududini kesib o‘tuvchi ko‘chaga avtomobillarini pala-partish qo‘yib ketayotgan transport vositalari hamda yo‘nalishli taksi haydovchilari o‘rtasida navbatdagi tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi.

Unda yangi avtoboshbekatdan foydalanish orqali avtomobil yo‘llarida kelib chiqayotgan tirbandliklarni kamaytirish lozimligi har bir haydovchiga tushuntirildi.

Shuningdek, boshqarma boshlig‘i A.Ashurov tumandagi tashuvchi korxonalar rahbarlari bilan holatni ko‘zdan kechirib, har bir yo‘nalishdagi transport vositalari avtoboshbekatdan foydalanishi zarurligi yuzasidan ko‘rsatma berdi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati