Avtomobil transportida yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashishga qarshi olib borilayotgan ishlar

02.03.2022

2022-yil fevral oyida viloyat IIB YHXB bilan hamkorlikda 112 marta qo‘shma reyd tadbirlari o‘tkazilishi natijasida jami 619 ta avtomobil transportida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish holatlari aniqlangan. Ularga belgilangan tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun tegishli tartibda sudlarga yuborilgan.
Sudlarga yuborilgan ma’muriy huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha sudlar tomonidan jami 120 690 (Bir yuz yigirma million olti yuz to‘qson ming) so‘m miqdorida jarima jazolari tayinlangan. Bundan tashqari, o‘tkazilgan reydlar davomida noqonuniy tarzda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi transport vositalari haydovchilaridan 319 tasi faoliyatini qonuniylashtirgan.
O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 30-noyabrdagi “Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 734-sonli Qonuniga ko‘ra, endilikda avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish holatlari qayd etilganda, “fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari miqdorida, mansabdor shaxslarga esa — o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi” hamda avtotransport vositalari jarima maydonchasiga qo‘yilmaydi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati