Avtotransport vositasining sanitar jihatdan tozaligiga qarab haydovchiga baho beriladi

Tashuvlarda sifat darajasini ko‘tarish, yo`lovchilar e`tiroziga sabab bo`lgan holatlarni takrorlamaslik muhim sanaladi. Avtotransport vositasining tashqi va ichki tomondan tozaligi haydovchining yuzidir. Harakat vaqtida o`zini tutishi, muomala madaniyati, avtotransport vositasining sanitar jihatdan tozaligiga qarab haydovchiga baho beriladi.
Aynan ushbu jihatlarni keng targ`ib qilish, yo`lovchi tashish sohasida e`tirozlarni kamaytirish maqsadida Samarqand viloyat transport boshqarmasi hamda viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan yo‘nalishsiz taksilar faoliyati o`rganilmoqda. Unda yo`nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish, xizmat sifatini oshirish hamda noqonuniy yo‘lovchi tashishga barham berishga urg`u berilgan. Shuningdek, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilmaslik, tibbiy va texnik ko‘rikdan o‘tganligi tasdiqlovchi hujjatlarning mavjud emasligi, noqonuniy yo`lovchi tashish kabi holatlar aniqlanganda tegishli tartibda hujjat rasmiylashtirilmoqda.
Shuningdek, nazorat tadbirlari davomida noqonuniy yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-maydagi “Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori ijrosi yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Bunda yakka tartibdagi tadbirkorlarga hamda yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilarga yo‘lovchi tashish sohasida berilgan imkoniyatlar tushuntirib o‘tilmoqda.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati