Berilmagan qaytim uchun korxonalar rahbarlariga moliyaviy jarima qo‘llaniladi

Bu haqda bugun O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i A.Yoqubov ma’lum qildi.
Joriy yilning 28-sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqandda avtobuslar uchun yo‘lkira narxi sun’iy ravishda keskin ko‘tarildi - bundan aholi norozi” sarlavhasi ostida tarqalgan murojaat aholi o‘rtasida keskin munozaralarga sabab bo‘ldi.
Samarqand shahar jamoat transportida yo‘l kira narxlarining sun’iy ravishda oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik, yo‘lovchilarga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lish holatlarining oldini olish maqsadida yo‘lovchi tashish sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar rahbarlari ishtirokida tanqidiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i A.Yoqubov qatnashib, Samarqand shahrida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi avtobuslarda yo‘l kira narxlari doimiy monitoring qilinishi, qaytim berilmaslik holatlari aniqlanganda, tegishli tartibda chora ko‘rilishini ma’lum qildi.
Shuningdek, yig‘ilishda avtobuslarning sanitar jihatlari, validatorlarning muntazam ishlashi bo‘yicha doimiy nazorat o‘rnatish borasida boshqarma boshlig‘I v.b. A.Ashurov bo‘lim boshliqlariga topshiriq berdi.
Hurmatli yo‘lovchilar! Qaytim bilan bog‘liq holatlarga barham berish maqsadida Samarqand shahar jamoat transportida ATTO elektron to‘lov tizimi joriy qilingan. Buning afzallik jihatlari shundaki, endi siz “ATTO” yagona transport kartasi, Humo, Uzcard (yangisi), Viza, Mastercard hamda smartfonlar orqali (Play Marketdan “ATTO” ilovasini yuklab olib) yo‘l kira haqini to‘lash imkoniga egasiz.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati