Birgina kichik xato soniyalar ichida tuzatib bo‘lmas xatoliklar keltiradi

Yo‘lovchi tashish sohasi haydovchilardan qatnov vaqtida katta e’tibor va mas’uliyat talab qiladi. Birgina kichik xato soniyalar ichida tuzatib bo‘lmas xatoliklar keltiradi.
Joriy yil 31 iyul kuni Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumani, "Alijon" MFY hududidan o‘tuvchi M-37 "Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi" avtomobil yo‘lining 71-kilometrida "YUTONG" rusumli avtobus "Buxoro-Toshkent" yo‘nalishida harakatlanayotib yo‘lni kesib o‘tayotgan velosipedchini urib yubormaslik maqsadida rulni o‘ng tomonga burgan va boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida avtobus ag‘darilgan.
Bu kabi ayanchli holatlarning oldini olish maqsadida viloyat transport boshqarmasida IIB YHXB xodimlari hamda shaharlararo yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashuvchi korxonalar rahbarlari ishtirokida muhokama bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etganlar shaharlararo yo‘nalishda sodir bo‘lgan holat yuzasidan fikr bildirishdi. Ayniqsa, viloyatlararo yo‘nalishlarda qatnovchi avtobuslar haydovchilarini tanlashda ularning tajribasidan kelib chiqqan holda boshqaruvga saralash, doimiy ravishda bilim va ko‘nikmalarini shakllantirib borish zarurligi ta’kidlandi.
Yo‘lovchi avtobusga chiqar ekan, uning salomatligi va manziliga shikast yetmagan holda yetib borishi haydovchidan katta mas’uliyat talab qilishi misollar tariqasida tushuntirildi. Yig‘ilishda ishtirok etgan mas’ullar tomonidan yo‘lovchi tashish korxonalari rahbarlariga tungi vaqtlarda yo‘lovchi tashish man qilinganligini yana bir takrorlab o‘tildi va ushbu talabga hamma birdek rioya qilishi borasida qat’iy talab qo‘yildi.
Barcha haydovchilardan yo‘l harakati qoidalarga qat`iy rioya qilishlarini, tungi vaqtda harakatlanganda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishlarini so‘raymiz.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati