Damas rusumli transport vositalariga litsenziya berilmaydimi?

22.01.2024

Munosabat

 

Joriy yilning 17-yanvar kuni facebook ijtimoiy tarmog‘ining “Вохиджон Юнусов” nomli sahifa foydalanuvchisi tomonidan viloyat transport boshqarmasi tomonidan avtotransport vositalariga litsenziya varaqasi berilmayotganligi yuzasidan videomurojaat qoldirilgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi “Вохиджон Юнусов” nomli sahifa foydalanuvchisining murojaati viloyat transport boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganib chiqildi.

Facebook tarmog‘i foydalanuvchisi “Вохиджон Юнусов” “Nur MIF” MCHJ rahbari hisoblanadi. “Nur MIF” MCHJ 2021-yil aholiga transport xizmatini ko‘rsatish uchun tegishli litsenziya olgan. 2021-yil 22-noyabr sanasida 388-raqamli “Loyish shaharchasi - Yangiqo‘rg‘on qishlog‘i” yo‘nalishli taksi yo‘nalishida ishlash huquqini tender tanlovi natijalariga ko‘ra qo‘lga kiritgan. Biroq, mazkur yo‘nalishda xizmat ko‘rsatmagan.

Korxonaga ijara asosida olingan transport vositalari xuddi yo‘nalishsiz taksi kabi harakatlangan. Bunga misol qilib, mazkur korxonaga tegishli bo‘lgan Damas rusumli transport vositalari yo‘nalish sxemasini o‘zgartirgan holda Qorasuv massivi - Universitet xiyoboni yo‘nalishida yo‘lovchilarga pullik transport xizmatini ko‘rsatganligini keltirishimiz mumkin. Aslida bunday yo‘nalish mavjud emas. 2023-yil IIB JXX YHXB bilan o‘tkazilgan reyd tadbirlarida mazkur korxonaga tegishli 3 ta transport vositasiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Ammo “o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas” deganlaridek, korxonaga tegishli transport vositalari bugungi kunga qadar yo‘nalishdagi avtobuslarga xalaqit berib, Qorasuv massivi - Universitet xiyoboni yo‘nalishida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.

Murojaatning yana bir qiziq tomoni shundaki, “Nur MIF” MCHJ rahbari korxonasiga tegishli bo‘lgan Damas rusumli transport vositalari Qorasuv massivi - Universitet xiyoboni yo‘nalishida xizmat ko‘rsatishini ta’kidlagan. Samarqand shahrida Qorasuv massivi - Universitet xiyoboni yo‘nalishli taksi yo‘nalishi mavjud emasligini bilgan holda qonunga zid ravishda faoliyat yuritgan.

Damas rusumli transport vositalariga litsenziya berilmaydimi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga doir talablarni tasdiqlash haqida” 482-son qarorining 1-ilovasida yo‘nalishli taksilarga qo‘yilgan talablar bayon qilingan. Unga ko‘ra, muntazam qatnovlarni amalga oshiruvchi avtobuslar va yo‘nalishli taksilar haydovchilari yo‘nalishda ishlayotganda:

- shartnomaga muvofiq ushbu yo‘nalishda avtotransport vositasiga qatnovlarni amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi guvohnomaga;

- tegishli litsenziyaga (litsenziya kartochkasiga);

- yo‘nalish hujjatlariga;

- yo‘l varaqasi va chiptalarni hisobga olish varaqasiga;

- yo‘l varaqalarida yo‘lga chiqishdan oldin belgilangan tartibda o‘tkaziladigan avtotransport vositasining texnik ko‘rikdan va haydovchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi haqidagi qaydlarga;

- qatnov jadvaliga va yo‘nalish sxemasiga ega bo‘lishi kerak.

Shuningdek, qarorda yo‘lovchilarni muntazam (yo‘nalishli) tashish yo‘nalishlari mulkchilik shakllaridan qat’i nazar tashuvchilar o‘rtasida tender asosida joylashtirilishi, muntazam yo‘nalishlarda tashish huquqiga vakolatli organ bilan yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatish huquqini beruvchi shartnomani tuzgan tashuvchi ega bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, yo‘lovchilarni muntazam (yo‘nalishli) tashish yo‘nalishlarida shartnoma tuzmasdan ishlashga, shaharlarda umumiy uzunligiga ko‘ra bir-birini 50 foizdan ko‘p bo‘lgan masofa oralig‘ida takrorlovchi avtobus bilan yo‘nalishli taksi yo‘nalishlari ochilishiga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, muayyan yo‘nalishda tender tanlovlariga ko‘ra g‘olib bo‘lgan korxonaga tegishli transport vositalariga litsenziya varaqasi rasmiylashtriladi.

Nega litsenziya varaqasi berish rad etilgan?

2023-yil 16-yanvar sanasida “Nur MIF” MCHJ tomonidan davlat raqami 30 L 061 ZA, 30 J 137 TA bo‘lgan Damas rusumli transport vositalariga litsenziya varaqasi olish uchun ariza yuborilgan. Ushbu arizalar O‘zbekiston Respublikasi “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib taomillari to‘g‘risida” Qonuning 29-moddasiga asosan, talabgorning litsenziya talablari va shartlariga muvofiq emasligi aniqlanganligi sababli qaytarilgan. Ya’ni, arizalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga doir talablarni tasdiqlash haqida” 482-son, 2011-yil 18-maydagi “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 139-son qarori hamda 2019-yil 30-iyuldagi “Avtomobil transportida yo‘lovchilarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo, xalqaro, shuningdek yuklarni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida” 636-son qarorlarida ko‘rsatilgan talablar bajarilmasdan topshirilgan.

Xulosa qilish o‘zingizdan!

 

Samarqand viloyati transport boshqarmasi