Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilib tegishli tartibda litsenziya olishni tavsiya etamiz

Samarqand viloyati transport boshqarmasi Avtomobil tashuvlarini nazorat qilish bo‘limi hamda viloyat IIB YHXB inspektorlari hamkorlikda noqonuniy yo‘lovchi tashishning oldini olish maqsadida viloyat miqyosida reyd tadbirlari o‘tkazishmoqda. Reyd davomida litsenziyalanmagan avtomobil transportida yo‘lovchi tashish holatlari yuzasidan bayonnomalar rasmiylashtirilib, haydovchilarga faoliyatini qonuniylashtirish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-maydagi “Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, yo‘lovchilarni haydovchidan tashqari to‘rttadan ortiq bo‘lmagan o‘rindiqlarga ega bo‘lgan yengil avtotransport vositalarida tashish faoliyati bilan yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritilganligi yuzasidan tushuntirish berilmoqda.
Hurmatli haydovchilar qarorda belgilanganidek, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yo‘lovchilarni yengil avtotransport vositalarida yo‘lovchi tashish faoliyati litsenziya varaqasiga asosan amalga oshiriladi. Jismoniy shaxslar yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng yo‘lovchilarni tashish faoliyatni amalga oshirish uchun tegishli litsenziya varaqasiga ega bo‘lishi shart. Litsenziya varaqasi 21 yoshga to‘lgan va 10 yildan ortiq bo‘lmagan vaqt davomida ekspluatatsiya qilinayotgan avtomobil transporti mavjud bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga “Litsenziya” axborot tizimi orqali beriladi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, yakka tartibdagi tadbirkor guvohnomasi asosida Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilib tegishli tartibda litsenziya olishni tavsiya etamiz.
Qo‘shma reyd tadbirlari davomida avtomobil transportida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish holatlari aniqlanganda qonuniy chora ko‘rish uchun sudlarga yuborilmoqda.
Hurmatli haydovchilar! Noqonuniy faoliyat olib borish qonun talablariga zid ekanligini unutmang!
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati