Eng asosiysi yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish

Samarqandda jamoat transporti xizmat sifatini oshirish, uning infratuzilmasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida sahifalarimiz orqali yoki matbuot anjumanlarida xabar berib kelmoqdamiz.
Agar ma’lumotlarga tayanib aytadigan bo‘lsak, bugungi kunda yo‘lovchi tashish transport tizimini rivojlantirish borasida katta qadamlar tashlandi. Matematik modellarga tayangan holda qulay transport tizimini yaratish borasidagi ishlab chiqilgan loyihaning o‘zi sohaga e’tibor oshganligidan dalolat. Hozirda ushbu loyihada belgilangan vazifalar amaliyotga tatbiq etish jarayonida.
Viloyat transport boshqarmasida shahar yo‘lovchilar transportidagi muammolarni bartaraf etish, ya’ni elektron tarzda kuzatish orqali tashuvlarni nazorat qilish borasida xorijiy mutaxassislar bilan fikr almashinuv jarayoni bo‘lib o‘tdi.
Unda Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridagi “Organizator perevozok” davlat nazorat markazi mutasaddilari ishtirok etib, tashuvlarni nazorat qilish borasidagi tajribalaridan kelib chiqib, taqdimot o‘tkazishdi.
Fikr almashinuv jarayonida tomonlar masalaning muhim jihatlariga e’tibor qaratishdi, ya’ni jamoat transporti aholi uchun eng qulay bo‘lgan transport vositasiga aylanishi lozim ekanligiga urg‘u berildi. Eng asosiysi yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish, ularning takliflarini inobatga olgan holda tashuvlarni amalga oshirish muhim ekanligiga urg‘u berildi.
Mutaxassislarning fikricha, jamoat transportining jozibadorligini oshirishda elektron-onlayn tarzda kuzatuv eng maqbul usuldir. Yo‘nalishlardagi avtobuslar yoki elektr transport vositalarining yo‘nalishga chiqish jarayonidan boshlab, ish yakuniga qadar harakatini nazorat qilib borish orqali uning mukammal ish tartibiga hamda xizmat sifatini oshirishga erishish mumkin.
Shuningdek, yo‘l kira haqini to‘lashda naqd puldan voz kechib elektron to‘lov tizimiga o‘tish ham sohani tartibga soluvchi omillardan biridir.
Eng asosiysi, yo‘lovchi o‘zi tanlagan yo‘nalish orqali manziliga qancha vaqtda yetib borishini oldindan bilishi uning nufuzini oshirib boradi. Bu esa o‘z navbatida jamoat transportining nufuzini oshirish bilan birgalikda yo‘llardagi tirbandliklarni kamaytirishga yordam beradi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati