E’tirozlar o‘rinli. Yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatilishi shart!

06.02.2024

Jamoat transportida xizmat sifatining pastligi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Misol uchun Samarkand&Самаркандцы telegram kanalida 64-raqamli “Sattepo maskani - Siyob ABB” shahar avtobus yo‘nalishida harakatlanuvchi, davlat raqami belgisi 30/025 PBA hamda 30/750 EBA bo‘lgan transport vositalarida o‘rindiqlar olib tashlanganligi, sanitar jihatlarga e’tibor qaratilmaganligi yuzasidan murojaat tarqaldi.

Albatta, e’tirozlar o‘rinli. Yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatilishi lozim.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi xodimlari shahar avtobus yo‘nalishlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida “Suxrobtranservis” mas’uliyati cheklangan jamiyati avtosaroyida bo‘lishdi. Unda muhokamalarga sababchi bo‘layotgan muammolarni bartaraf qilish yuzasidan choralar ko‘rildi. Olib tashlangan o‘rindiqlarni qayta o‘rnatish ishlari boshlanib, avtobuslarning ichki va tashqi jihatdan tozaligiga e`tibor qaratildi. Haydovchilar o‘rtasida yo‘l harakati qoidalariga amal qilish, yo‘lovchilar bilan samimiy munosabatda bo‘lish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

  • 64-raqamli “Sattepo massivi - Siyob ABB” shahar avtobus yo‘nalishida harakatlanuvchi avtobuslardagi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan 3 kunlik vaqt belgilandi.

Shuningdek, Facebook tarmog‘ida Samarqand shahar Sulaymon Buxoriy ko‘chasi bo‘ylab avtobuslar harakatini tashkil borasida bir guruh fuqarolarning videomurojaati tarqaldi. Samarqand shahar transport Bosh rejasiga ko‘ra, Samarqand shahar Sulaymon Buxoriy ko‘chasi bo‘ylab 52-raqamli “Sattepo massivi - Samarqand ABB”, 87-raqamli “Sattepo maskani - Universitit xiyoboni”, M2-raqamli “Hazora ABB - Gulobod qo‘rg‘oni” shahar avtobus yo‘nalishidagi transport vositalari harakati belgilangan. Mazkur yo‘nalishdagi avtobuslar tender tanlovlari asosida bosqichma-bosqich joylashtirib boriladi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi