Qoidabuzar haydovchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi

Joriy yilning 14 oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahar, Amir Temur ko‘chasida ISUZU SAZ NP40 rusumli avtotransport vositasining qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanganligi aks etgan videolavhasi tarqaldi. Olib borilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, “Azim-logistiktexservis” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli davlat raqami belgisi 30/353 EBA bo‘lgan, 44-shahar avtobus yo‘nalishida harakatlanuvchi avtotransport vositasi haydovchisi tomonidan qoidabuzarlik sodir etilgan. Ushbu avtobus haydovchisiga nisbatan IIB YHXB xodimlari tomonidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtotransport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Avtobuslar bilan sodir bo‘layotgan bunday qupol qoidabuzarliklarni oldini olish, tashuvlarda xizmat sifatini oshirish maqsadida “Azim-logistiktexservis” MCHJ yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda jamiyat haydovchilari hamda texnik xodimlari o‘rtasida holat muhokama etildi. Muhokama chog‘ida yo‘l harakati qoidalariga so‘zsiz rioya etilishi, yo‘lovchilarning hayotini xavf ostida qoldirmaslik, ular bilan samimiy munosabatda bo‘lish, quvib o‘tish qoidalarini buzmaslik, parallel yo‘nalishdagi avtobuslar bilan o‘zaro poyga qilmaslik yuzasidan barcha haydovchilar ogohlantirish berildi.
Qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib yo‘l harakati qoidalarini buzgan, yo‘lovchilar hayotini xavf ostida qoldirganligi uchun “Azim-logistiktexservis” MCHJ rahbariyatining qarori bilan haydovchi A.Ergashev hamda jamiyat o‘rtasida tuzilgan shartnoma bekor qilindi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati