Haydovchilar oylik maoshlarini olisholmayaptimi?

03.03.2023

#Munosabat

 Joriy yilning 22-fevral sanasida “Navqiron Narpay” nashrida “Maosh olmayotgan haydovchilar ro‘zg‘orini qanday tebratmoqda?” sarlavhasi ostida maqola chop etildi.

 

Maqolada keltirilgan holatlarni joyida o‘rganish maqsadida Narpay tumanida joylashgan “Oqtosh Shahzod trans” ma’suliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldik. Korxona rahbari, haydovchilar bilan suhbatlashdik.

 

Haqiqatan ham avtokorxona avtosaroy tarkibini yangilash maqsadida eski avtobuslarini sotuvga qo‘ygan. Sababi yangi avtobuslar xaridi bilan bog‘liq. Albatta, yangi avtobuslar xarid qilinib, yo‘nalishlarga chiqarilsa, xizmat sifati ortib boradi.

 

O‘rganish davomida avtobus o‘rindiqlari ham e’tibordan chetda qolmadi. Ularni tartibga keltirish borasida avtokorxona rahbariyatiga tavsiyalar berildi. Avtobuslarni doim toza saqlash maqsadga muvofiq ekanligi ta’kidlandi.

 

Avtokorxonaning asosiy xizmat ko‘rsatish xonalari belgilangan tartibda jihozlangan. Tibbiy ko‘rik, texnik ko‘rik, hisobxona va boshqalar. Toza, ozoda. Maqolada suratlari keltirilgan xonalardan esa ish jarayonida foydalanilmaydi. Shu bilan birgalikda kunlar isiy boshlashi bilan obodonlashtirish ishlari rejalashtirilgan ekan.

 

Shuningdek, oylik maoshi borasida haydovchilar bilan ham suhbatlashdik. Qizig‘i haydovchilar shartnomada belgilangan oylik maoshlari to‘lab borilayotganligini aytishdi. Haydovchilar bilan suhbat davomida yo‘lovchilarning fikri bilan qiziqdik. Yoshi ulug‘ otaxon-u onaxonlarning so‘zlaridan avtobuslar qatnovidan mamnunligi shundoqqina bilinib turardi.

 

Ma’lumot o‘rnida: Narpay tumani avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan hududlardan biri hisoblanadi. Tuman markazini qishloq va mahallar bilan bog‘lovchi 8 ta yo‘nalishda 16 ta Isuzu rusumli avtobuslar harakatlanadi. Shundan 1 ta yo‘nalish tumanni Kattaqo‘rg‘on shahri bilan bog‘laydi. Barchasida “Oqtosh Shahzod trans” ma’suliyati cheklangan jamiyatiga tegishli avtobuslar yo‘lovchilar xizmatida.

 

Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati