Haydovchining qo‘polligi, o‘rindiqlar yetishmasligi, bekatlarda ortiqcha to‘xtalishlar…

04.03.2024

Ijtimoiy tarmoqlardagi tarqalayotgan xabar va murojaatlarning tahliliga ko‘ra, jamoat transporti xizmat sifatiga e’tirozlar ortib bormoqda. Samarqand shahar avtobus yo‘nalishlarida harakatlanuvchi transport vositalarida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida transport boshqarmasida tashuvchi korxonalar rahbarlari ishtirokida tanqidiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda tender talab va shartlariga rioya etilmasligi, yo‘lovchi tashish qoidalari qo‘pol tarzda buzilayotganligi tanqid ostiga olindi.

Jumladan, tashuvchilar tomonidan oraliq interval, harakat jadvaliga amal qilmaslik holatlari, transport vositalarining ichki va tashqi jihatdan tozaligiga e’tiborsizlik, ayniqsa, o‘rindiqlarning yetishmasligi yoki qoplamalarga umuman e’tibor yo‘qligi birma-bir misollar tariqasida tahlil qilindi.

Shuningdek, haydovchilar yo‘l harakati qoidalariga to‘liq amal qilinmayotganligi, o‘zboshimchalik bilan yo‘nalishlardan chiqib ketish holatlariga barham berish lozimligi ta’kidlandi.

Yuqorida sanab o‘tilgan kamchiliklarni tez orada bartaraf etish bo‘yicha avtokorxonalar rahbarlari ogohlantirildi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi