Huquqbuzarga jazo muqarrar!

Viloyat transport boshqarmasida Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisining o‘rinbosari B.Jumabayev ishtirokida sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda transport boshqarmasi inspektorlari tomonidan tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasdan Samarqand shahar hududida aholiga pullik transport xizmati ko‘rsatgan transport vositalari egalariga nisbatan tuzilgan ma’muriy bayonnomalarga huquqiy baho berildi.
Jumladan, 7 nafar huquqbuzarlardan 6 nafariga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 1763-moddasida, ya’ni "Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish" xuquqbuzarligi bo‘yicha jazo muqarrarligi ta’minlanib, 1 nafariga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 271-moddasi 11-bandiga asosan jazodan ozod qilindi.
Shuningdek, Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisining o‘rinbosari B.Jumabayev yig‘ilganlarga huquqbuzarlikning oqibatlari, Qonunda belgilangan talablarning buzilishi natijasida qo‘llaniladigan jazo turlari to‘g‘risida tushuntirish berdi. Barchani Qonun talablariga rioya qilgan holda faoliyat olib borishga chaqirdi.
Hurmatli fuqarolar! Unutmang, avtomobil transportida yo`lovchilarni litsenziyasiz tashish qonunga xilof!
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati