Inson omilining aralashuvi bilan validatorlarning ishlatilmasigi yaratilgan qulaylikni chippakka chiqarmoqda

05.08.2021

Jamoat transportida raqamlashtirish tizimini joriy qilish hamda yo‘lovchilarga keng qulaylik yaratish uchun “Tezcard” elektron tizimi joriy qilingan edi. Hozirda Samarqand shahrining yo‘lovchilar gavjum nuqtalaridan 18 tasi tanlab olinib, maxsus do‘konlar ochildi. Vaziyatdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bunday to‘lov usuli xavfsizligi bilan birgalikda yo‘lovchilar uchun qulaydir. Shu bilan birgalikda qaytim borasidagi muammolarga ham chek qo‘yishi ko‘zda tutilgan.

Bunday to‘lov tizimi bir qator yengilliklar yaratish bilan birga noqulayliklar ham tug‘dirmoqda. Buni boshqarmaga kelib tushayotgan e’tirozli murojaatlardan ham bilib olish mumkin. Avtobuslarda goh texnik sabablarga ko‘ra, gohida inson omilining aralashuvi bilan validatorlarning ishlatilmasigi yaratilgan qulaylikni chippakka chiqarmoqda.

Avtobuslarda elektron to‘lov tizimi bilan bog‘liq muammolarga chek qo`yish maqsadida viloyat transport boshqarmasi xodimlari tomonidan shahar avtobus yo‘nalishlarida o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganishlar davomida “Suxrobtransservis” MCHJga qarashli 66 – raqamli hamda 7 - raqamli, “Sevinch trans servis” MCHJga qarashli 37 – raqamli yo‘nalishda, “Aziz Hilola avto trans” MCHJ qarashli 24 – raqamli, “Polvonariq avto” MCHJga qarashli 256 – raqamli yo‘nalishlardagi aksariyat avtobuslarda validatorlarning yo‘qligi aniqlandi.

Holatga izoh so‘ralganda, ba’zi avtokorxona rahbarlari validatorlarni ta’mirlashga berilganligini, ba’zilari esa muammoni tezda bartaraf qilshiligini bildirdi. Demakki, elektron to`lov usuli uchun ishlatiladigan validatorlarning nosozligi ularga ayon, degan xulosaga borish mumkin.

Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tuzatish, jamoat transportida sodir bo‘layotgan qaytim bilan bog‘liq muammolarni bartaraf qilish uchun avtokorxona rahbarlariga uch kunlik muddat berildi. Mavzuga yana qaytamiz.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati