Ishtixon tumanidagi maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Diqqat, yo‘lovchi!”, “Diqqat, bolalar!” mavzusida profilaktik tadbirlari otkazildi

20.12.2022

Barchamiz uydan o‘qishga yoki ishga chiqqanimizda yo‘l harakati ishtirokchisiga aylanamiz!

 

Qoidani bilmaslik yoki bilib turib unga rioya etmaslik esa, albatta, og‘ir oqibatli yo‘l transport hodisalariga olib kelishi mumkin.

 

Ana shunday salbiy holatlarning oldini olish maqsadida viloyat transport boshqarmasi tomonidan Ishtixon tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 60-sonli umumta’lim maktabining o‘quvchilari o‘rtasida jamoat transportidan foydalanganda, avtomobil yo‘llarida harakatlanganda amal qilinishi lozim bo‘lgan qoidalar yuzasidan o‘quv mashg‘uloti olib borildi.

 

Unda o‘quvchilarga maktabga kelish yoki ketish davomida avtobus va tramvaylardan foydalanish qoidalari, avtomobil yo‘llarini kesib o‘tishda harakat xavfsizligiga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi misollar tariqasida tushuntirildi.

 

Shuningdek, mashg‘ulot davomida avtomobil yo‘llarida svetofor chiroqlari ishorasiga yoki boshqa tartibga soluvchi belgilarga jiddiy rioya qilish kerakligi, piyodalar yo‘lakchasi orqali harakatlanish muhimligi tushuntirildi. Ayniqsa, avtomobil yo‘llarini kesib o‘tishda mobil aloqa vositalaridan foydalanishning ayanchli oqibatlari misollar tariqasida tushuntirildi.

 

Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati