Jamoat transporti muammolari deputatlar ishtirokida muhokama qilindi

19.05.2022

Viloyat transport boshqarmasida Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining Sanoat, transport, qurilish, kommunal soha va aholiga xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi O‘.Saidmuradov hamda a’zolari ishtirokida yo‘lovchi tashish transportining bugungi ahvoli muhokama qilindi.

Unda ishtirok etganlar jamoat transportining bugungi achinarli ahvoli to‘g‘risida so‘z yuritishdi. Avtobuslarning harakat jadvaliga rioya qilmasligi, oraliq bekatlarda uzoq vaqt to‘xtalishlar, haydovchilarning qo‘polligi, konduktorlarning baqir-chaqirlari, qaytim bilan bog‘liq muammolar yuzasidan tanqidiy fikrlar bildirildi.

Tanqid ostiga olingan muammolarning yechimi sifatida tashuvlarda ko‘rilgan zararlarni qoplash berish taklifi viloyat transport boshqarmasi mutaxassislari tomonidan ilgari surildi. Sanoat, transport, qurilish, kommunal soha va aholiga xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi a’zolari ushbu taklif Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi yig‘ilishlarida deputatlar e’tiboriga havola qilinishini bildirishdi.

Shuningdek, keyingi yig‘ilishlarda yo‘lovchi tashish sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlarini ham taklif qilib, bu borada ularning fikrlarini tinglash belgilab qo‘yildi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati