Jamoat transportida albatta, tartib bo‘ladi

#Munosabat
Joriy yilning 31-yanvar sanasida “Zarnews.uz” internet nashrida “Avtobusga chiqsam men agar…” sarlavhasi ostida yo‘lovchi G.Omonovaning tanqidiy fikrlari chop etildi. O‘z navbatida G.Omonovaga hamda “Zarnews.uz” tahririyatiga jamoat transportidagi muammolarga jamoatchilik nazorati asosida urg‘u berganligi uchun minnatdorlik bildiramiz.
To‘g‘ri bugungi kunda Samarqand shahar jamoat transportida muammolar ko‘p. Biroq, bundan soha o‘z holiga tashlab qo‘yildi, degan xulosa chiqarish kerak emas. Mavjud muammolarni bartaraf etish borasida talaygina ishlar amalga oshirildi. Jumladan, eng birinchi navbatda Samarqand shahar transport infratuzilmasi jozibadorligini oshirish Bosh rejasi ishlab chiqildi. Birgina 2022-23-yillar davomida 121 ta katta va o‘rta hajmli avtobuslar olib kelinib, yo‘lovchilar xizmatiga chiqarildi. 2024-yilda yana 200 dan ortiq avtobus va elektrobuslar olib kelinishi kutilmoqda. Albatta, ushbu avtobuslar ham aholi xizmatiga chiqariladi.
Bundan tashqari, bugungi kunda jamoat transportida xizmat sifatini oshirish maqsadida tashuvchi korxonalarni “Brutto-shartnoma” tizimiga o‘tkazish borasida hujjatlar tayyorlanmoqda. Shuningdek, tashuvlarni real vaqt rejimida nazorat qilish uchun avtobuslarga GPS qurilmalari o‘rnatilmoqda. GPS qurilmalariga ega bo‘lgan avtobuslar to‘liq nazoratchilar guruhi tomonidan kuzatib boriladi.
Shu o‘rinda avtobuslarda yo‘lovchilar sig‘imi haqida ham to‘xtalib o‘tsak. Albatta, kunning tig‘iz vaqtlarida avtobus salonida tirbandliklar kuzatiladi. Barcha manziliga tezroq yetib olishni xohlaydi. Bunda, yo‘lovchiga ushbu avtobusga chiqma yoki bu avtobusdan foydalan deyish noto‘g‘ri. Tanlov hamisha yo‘lovchining ixtiyorida. Biroz ertaroq harakat qilishni yoki keyingi avtobusni kutishni tavsiya qilamiz, xolos.
Haydovchilarning qo‘polligi yuzasidan aholiga transport xizmatini ko‘rsatuvchi barcha tadbirkorlik subyektlarida tushuntirish ishlari olib borildi. Yo‘lovchilar e’tiroziga sabab bo‘luvchi holatlarga chek qo‘yish, tashuvlarda sifat darajasini oshirish borasida korxona rahbarlari vazifador qilindi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi