Jamoat transportida elektron to‘lovning ommalashuvi uning rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi

Jamoat transporti o‘ziga qo‘yilgan talabni bajara olmayotganligi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘plab tanqidiy fikrlar bildirilmoqda. Shunday murojaatlardan biri joriy yilning 19-fevral sanasida Samarkand & Самаркандцы telegram guruhida Zafar ismli foydalanuvchi tomonidan e’lon qilindi. Unda qaytim bilan bog‘liq muammolar, avtobuslarning tozalanmasligi, avtobuslarning beliglanmagan joylarda to‘xtab yo‘lovchi olishi tanqid qilingan.
Tahliliy ma’lumotlarga tayanib aytadigan bo‘lsak, bugungi kunda shahar avtobus yo‘nalishlarida umumiy talab etilgan avtobuslarning 50 % yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Sababi avtobuslar o‘z sarf-xarajatlarini qoplamaganligi uchun tadbirkorlik subyektlari tomonidan sotib yuborilgan. Shuning barobarida ko‘plab yo‘nalishlar to‘xtab qolgan.
Bugungi kunda qulay transport tizimini yaratish hamda aholiga sifatli transport xizmatini ko‘rsatish maqsadida ishlab chiqilgan yangi loyihadan o‘rin olgan vazifalarni amalga tatbiq etish ishlari boshlangan. Shahar hududini jamoat transporti qatnovi bilan ta’minlash maqsadida yo‘nalishlar tarmog‘i ishlab chiqildi. Ushbu yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatish uchun yangi avtobuslar olib kelish masalasida ham dastlabki qadamlar qo‘yildi. Xarid qilinishi rejalashtirilgan avtobuslarning dastlabki 36 tasi Samarqand shahriga olib kelindi. Shundan 20 tasi yo‘nalishlarga chiqarilgan bo‘lsa, qolgan 16 tasi bilan rasmiylashtirish ishlari olib borilyapti. Ushbu avtobuslar ham tez orada yo‘nalishlarga chiqadi. Shuningdek, yana 64 ta avtobus tez orada olib kelinadi.
Endi qaytim bilan bog‘liq muammolarga to‘xtalib o‘tsak. Buning bitta yechimi bor. U ham bo‘lsa, elektron to‘lov orqali yo‘l kira haqini to‘lash. Barcha avtobuslarda elektron to‘lovni qabul qilish validatorlari o‘rnatilgan. ATTO transport kartasi, Humo, Uzcard (yangisi), Viza, Mastercard bank kartalari orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratilgan. Unutmang, jamoat transportida elektron to‘lovning ommalashuvi uning rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati