Jamoat transportida karantin qoidalariga qay darajada amal qilinmoqda

Keyingi kunlarda niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash haqida ko‘plab tushuntirish - targ‘ibot ishlari olib borilayapti. Haydovchi va yo‘lovchilar himoya niqobini taqqan holda harakatlanishi lozimligi yuzasidan doimiy ravishda ogohlantirilmoqdalar. Biroq, bugun ogohlantirish olgan yo‘lovchi yoki haydovchi kun o‘tib yana “tarki odat, amri mahol” qabilida ish tutayotgani kishini o‘ylantiradi. Guyoki, sog‘ligi unchalik muhim emasdek.
Bugun Samarqand viloyati transport boshqarmasi, viloyat IIB YHXB, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi xodimlari tomonidan “Zo`rTV” telekanali “Bu kun” dasturi Samarqand viloyati muxbiri bilan hamkorlikda Siyob bozori hududidagi avtoturargoh hamda “Shohi Zinda” avtoboshbekatida nazorat tadbiri olib borildi. Bunda karantin qoidalariga qay darajada amal qilinayotganligi, respublika maxsus komissiyasi tomonidan pandemiya davrida rioya qilinishi shart bo‘lgan vazifalar ijrosi o‘rganildi.
Nazorat tadbiri davomida doimiy ravishda olib borilgan targ‘ibot - tashviqot ishlari, ogohlantirishlarga qaramasdan hanuzgacha karantin qoidalariga amal qilmaslik, ijtimoiy masofa saqlamaslik holatlari kuzatildi. Achinarlisi, avtobus haydovchisi hamda noqonuniy pattachilik qilayotgan konduktorlarning befarqligida. (Balki niqob taqib yo‘lovchi chaqirsa, ovozi chiqmay qolsa kerak)
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda vaziyatning qanchalik jiddiyligi yuzasidan bong urilmoqda, aholi gavjum nuqtalarda tushuntirish – targ‘ibot ishlari olib borilayotgan bir vaqtda biz nega bunchalik befarqmiz? Bu haqda o‘ylab ko‘rdikmi?
Tadbir davomida jamoat transportidan niqobsiz foydalanayotgan yo‘lovchilar aniqlangach, haydovchilardan izoh berishlarini so‘radik. Ular esa, avtotransport vositasining kirish va chiqish eshiklariga “Avtobusga niqobsiz chiqish mumkin emas”, deya ogohlantirish yozilgan deya javob berishdi, xolos. Yo‘lovchilar bo‘lsa, tasvirga olish ishlarini ko‘rib cho‘ntakda saqlanayotgan niqobni olib yuziga taqishdi. (Qiziq, niqob cho‘ntakni himoya qilarmikan?)
Eng ajablanarlisi, karantin talablariga rioya qilish yuzasidan tushuntiri - targ‘ibot ishlari olib borilayotgan bir vaqtda “Sattepo maskani - Siyob ABB” - 44-shahar avtobus yo‘nalishidagi avtotransport vositasini boshqarayotgan haydovchining bemalol tamaki mahsuloti iste’mol qilib o‘tirishida. Bu qaysi qoidaga to‘g‘ri kelarkan? Ushbu holat yuzasidan “Azim Logistik tex servis” MCHJ rahbariyati qanday izoh berarkan?
Shu o‘rinda barcha yo‘lovchilarga qayta va qayta murojaat qilmoqchimiz.
Hurmatli yo‘lovchilar! Epidemiologik vaziyatni hisobga olib, karantin qoidalariga rioya qiling! Avtobuslar saloniga tibbiy niqobsiz chiqmang! Salonida tirbandlik yuzaga kelgan avtotransport vositalaridan foydalanmang!
O‘zingiz va atrofdagilarning sog‘ligiga befarq bo‘lmang!
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati