JAMOAT TRANSPORTIDA KATTA O‘ZGARISHLAR BO‘LADI

09.02.2023

Joriy yilning 8-fevral kuni facebook tarmog‘i foydalanuvchisi Botir Xamidov tomonidan jamoat transporti borasida tanqidiy fikrlar e’lon qilindi.

 

Mazkur tanqidiy murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

 

2023-yil 8-fevral kuniga qadar murojaatchi keltirib o‘tgan hududda, ya’ni So‘g‘diyona maskanidan Samarqand tumanigacha 24-raqamli shahar avtobus yo‘nalishida transport vositalari harakati yo‘lga qo‘yilgan edi. Biroq, mazkur yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi “Aziz Hilola avtotrans” MCHJ tomonidan joriy yilning 8-fevralidan boshlab 24-raqamli yo‘nalishda harakatlanuvchi avtobuslar harakati to‘xtatilgan. Sababi avtobuslar o‘z sarf-xarajatlarini qoplamasdan kelgan hamda bank kreditlarini qoplash maqsadida sotib yuborilgan. Bundan tashqari, Samarqand shahridagi 10, 13, 14, 18, 19, 22, 26, 27, 32, 45, 50, 51, 54, 55, 58, 60, 61, 67, 72, 85, 87, 101, 122-raqamli shahar avtobus yo‘nalishidagi transport vositalari ham yuqoridagi sabab tufayli to‘xtatilgan.

Bugungi kunda So‘g‘diyona maskanidan 91-raqamli yo‘nalishdagi avtobuslar bilan Universitet xiyoboniga qadar hamda 31 yoki 9-raqamli yo‘nalishdagi transport vositalari bilan Samarqand tumani markazigacha yetib olish mumkin.

 

Hozirgi kunda aholining jamoat transportiga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida Samarqand shahar avtobus yo‘nalishlari tarmog‘i qayta ishlab chiqildi. Rejaga asosan yangi avtobuslar xarid qilinib, yo‘nalishlarga chiqarilmoqda. 9-fevral holatiga jami 36 ta King Long rusumli yangi avtobuslar olib kelindi. Shundan 20 tasi M1, M3 va 30-raqamli yo‘nalishlarda harakatlanayotgan bo‘lsa, qolgan 16 tasini rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda. Tez orada ushbu avtobuslar ham yo‘nalishlarga chiqariladi. Bir so‘z bilan aytganda 2023-yilning oxiriga qadar Samarqand shahrining barcha hududlari jamoat transporti harakati bilan qamrab olinadi.

 

Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati