“JAMOAT TRANSPORTIDA XAVFSIZLIK VA XIZMAT SIFATINI OSHIRISH” oyligi e‘lon qilindi

#Munosabat_o‘rnida
Keyingi kunlarda jamoat transporti bilan bog‘liq ko‘ngilni xira qiluvchi bir necha holatlar qayd etildi. Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida haydovchilarning dahanaki janjali o‘lim bilan yakun topgani, 52 va 64-yo‘nalishda harakatlanuvchi avtobuslarning haydovchilari hamda konduktorlarining o‘zaro mushtlashuvi hamda boshqa holatdagi voqealar...
Bu kabi salbiy holatlarga keng jamoatchilik bilan birgalikda jurnalistlar, blogerlar, hatto deputatlar ham o‘z fikrini bildirishdi. Asosan,e‘tirozlar, keskin fikrlar.
Jamoat transportida xizmat sifatini oshirish, belgilangan tartib qoidalarga qat’iy amal qilish yuzasidan 2022-yilning 15-oktabridan 15-noyabriga qadar “JAMOAT TRANSPORTIDA XAVFSIZLIK VA XIZMAT SIFATINI OSHIRISH” oyligi doirasida amalga oshiriladigan chora tadbirlar REJASI belgilab olindi.
Bunda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tashkilotlarda haydovchilik madaniyati, tartib-intizom, avtobuslarning tozaligi, muntazam grafikka amal qilish, “ATTO” elektron to‘lov tizimi validatorlarining doimiy ishlashini ta’minlash hamda qaytimni o‘z vaqtida, to‘liq qaytarilishi nazoratga olinadi.
Shuningdek, vakolatli organlar yordamida avtobuslarning yo‘l harakati qoidalariga amal qilishi, Samarqand shahridagi yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalarida voyaga yetmagan yoshlarning mehnatidan foydalanish, noqonuniy tarzda konduktor yollash masalalari ham qat’iy tartibda o‘rganiladi.
“JAMOAT TRANSPORTIDA XAVFSIZLIK VA XIZMAT SIFATINI OSHIRISH” oyligi doirasida o‘rganish natijalari tegishliligi bo‘yicha vakolatli organlarga taqdim etib boriladi.
Hurmatli yo‘lovchilar! Jamoat transporti yoki yo‘lovchi tashish sohasidagi transport vositalarida belgilangan tartib qoidalarga amal qilmaslik holatiga duch kelsangiz boshqarmaning +998 (66) 233-31-38 ishonch telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qiling yoki +998 93 834-01-10 raqamidagi telegramiga yozib yuboring.
Hech murojaat e’tiborsiz qoldirilmaydi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati