Jamoat transportining joriy holati tanqidiy muhokama qilindi

21.12.2022

Samarqand shahar avtobus yo‘nalishlarida harakatlanuvchi transport vositalarida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida transport boshqarmasida DXX Samarqand viloyati boshqarmasi, viloyat IIB JXX YHXB, transport boshqarmasi mutasaddilari hamda tashuvchi korxonalar rahbarlari ishtirokida tanqidiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan avtokorxonalar tomonidan tender talab va shartlariga rioya etilmasligi, yo‘lovchi tashish qoidalari qo‘pol tarzda buzilayotganligi tanqid ostiga olindi.

Jumladan, tashuvchilar tomonidan oraliq interval, harakat jadvaliga amal qilmaslik holatlari, transport vositalarining ichki va tashqi jihatdan tozaligiga e’tiborsizlik, old, yon va orqa tarafdan o‘rnatilishi lozim bo‘lgan trafaret (joy nom ko‘rsatgichi) larning talab darajasida emasligi, ayniqsa, o‘rindiqlarning yetishmasligi yoki qoplamalarga umuman e’tibor yo‘qligi birma-bir misollar tariqasida tahlil qilindi.

Shuningdek, avtobuslar belgilanmagan joylarda ham yo‘lovchi olib tushirayotganligi, harakatlanishda yo‘l harakati qoidalariga to‘liq amal qilinmayotganligi, o‘zboshimchalik bilan yo‘nalishlardan chiqib ketish holatlari kuzatilayotganligi, jamoat transportida texnika xavfsizligiga e’tiborning susayganligi, avtobuslarni texnik ko‘rikdan o‘tkazishda loqaydlikka yo‘l qo‘yilayotganligiga barham berish lozimligi ta’kidlandi.

Yuqorida sanab o‘tilgan kamchiliklarni tez orada bartaraf etish, aks holda yo‘nalishlar bo‘yicha tuzilgan shartnomalar shartlari bajarilmagan deb hisoblanib, yo‘nalishlar boshqa tashuvchilarga biriktirilib berilishi bo‘yicha avtokorxonalar rahbarlari ogohlantirildi.

Berilgan vazifalar ijrosi vakolat doirasida transport boshqarmasi hamda IIB JXX YHXB inspektorlari tomonidan nazorat qilib boriladi.

 

Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati