Jurnalist va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani

23.12.2021

Viloyat Matbuot uyida Samarqand viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari J.Karjavov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda yo‘lovchi tashish tizimini rivojalantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, qishloq va mahallalarni avtobus qatnovi bilan qamrab olish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi.

Viloyat hududidagi yo‘nalishlar va undagi avtotransport vositalari to‘g‘risida ma’lumot

Joriy yilning 1 dekabr holatiga viloyatda 385 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari, ya’ni 197 ta avtobus yo‘nalishi va 189 ta yo‘nalishli taksi yo‘nalishlari mavjud. Shundan 343 ta yo‘nalishda 731 ta avtobus va 2021 ta Damas va mikroavtobuslar aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. 44 ta yo‘nalish faoliyati vaqtincha to‘xtab qolgan. Buning sababi ushbu yo‘nalishlar past rentabelli yo‘nalish hisoblanib, harakatdagi transport vositalari o‘z sarf-xarajatlarini qoplamaganligi sababli tadbirkorlar tomonidan to‘xtatilgan.

Samarqand shahrida mavjud 59 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarida bugungi kunda 41 ta avtobus yo‘nalishlarida 387 ta avtobus va 2 ta yo‘nalishli taksi yo‘nalishida 28 ta mikroavtobuslar xizmat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, qolgan 18 ta yo‘nalish faoliyati vaqtincha to‘xtab qolgan.

Shahar atrofida 293 ta yo‘nalish mavjud bo‘lib, 115 avtobus va 178 ta yo‘nalishli taksi yo‘nalishlari mavjud. Hozirda 17 ta yo‘nalish past rentabelli bo‘lgani uchun to‘xtagan. Ushbu yo‘nalishlar qayta tenderga qo‘yilgan.

Viloyat hududidagi shaharlararo 34 ta yo‘nalish mavjud bo‘lib, bular 27 ta avtobus hamda 7 ta yo‘nalishli taksi yo‘nalishlaridir. Shundan 5 ta avtobus va 5 ta yo‘nalishli taksi yo‘nalishi vaqtincha faoliyat yuritmayapti.

Vaqtincha to‘xtab qolgan yo‘nalishlarni tiklash borasida olib borilayotgan ishlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida» 2021-yil 3-fevraldagi Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, hududlarda aholiga jamoat transportida xizmat ko‘rsatish sohasini yanada yaxshilish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-oktabrdagi “Hududlarda jamoat transporti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, tijorat asosida yo‘lovchilar tashish xizmatini ko‘rsatadigan va bunga maxsus litsenziyasi bo‘lgan tashuvchilar tomonidan shahar atrofi yoki viloyat ichidagi shaharlararo avtobus yo‘nalishida ko‘riladigan zarar mikdori 30 foizgacha (30 foiz ham shu jumlaga kiradi) bo‘lgan yo‘nalish norentabel avtobus yo‘nalishi bo‘lib hisobga olinadi.

Norentabel avtobus yo‘nalishlaridan ko‘riladigan zararlar 2021-yilda — Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan, 2022-yildan boshlab — zarur mablag‘larni Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlari parametrlarida nazarda tutgan holda har oy yakuni bo‘yicha subsidiya ajratish yo‘li bilan qoplanadi.

Bugungi kunda ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda mavjud avtobus korxonalari rahbarlariga qarorning mazmun-mohiyati tushuntirib o‘tildi. Tashuvchi korxonalar tomonidan ko‘rilgan zararni qoplash miqdori hisob-kitob qilinib, viloyat hokimligi va mahalliy Kengash deputatlariga taqdim etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-noyabrdagi videokonferens aloqa shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishida berilgan topshiriqlar hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-oktabrdagi “Hududlarda jamoat transporti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 1-ilovasiga, ya’ni “2021 – 2022-yillarda qishloqni tuman markazi bilan, tuman markazini viloyat markazi bilan bog‘laydigan yangi avtobus yo‘nalishlarini tashkil etishning maqsadli parametrlariga” asosan Samarqand viloyatida 23 ta yangi yo‘nalish ochildi. Shundan 12 tasi avtobus (215-raqamli “Bolatosh qishlog‘i – Hazora ABB, Shombuloq qishlog‘i – Hazora ABB, 201-raqamli “Bulung‘ur ABB-Tig‘iriq qishlog‘i”, 378-raqamli “Yangijoy mahallasi-Samarqand tuman tibbiyot birlashmasi”, 535-raqamli “Sarigul qishlog‘i-Qo‘shrabot ABB-Samarqand ABB”, 389-raqamli “Sherqo‘rg‘on-Nogaxon-Jomboy tuman markazi”, 421-raqamli “Urgut ABB-Nisbot-Zambarak”, 429-raqamli “Urgut ABB-Tegana qishlog‘i”, 1165-raqamli “Zarmitan-Qo‘shrabot-Toshkent”, 249-raqamli “Bulung‘ur ABB-Farmontepa qishlog‘i”, 477-raqamli “Chelak shahri-Buzg‘ovul qishlog‘i” 26 raqamli “Qorasuv massivi-Ipak yo‘li bozori”) yo‘nalishlari bo‘lsa, qolgan 11 tasi mikroavtobus yo‘nalishlaridir.

2022 – 2024-yillarda viloyatdagi tashuvchilarning harakat tarkibini avtobus va mikroavtobuslarni sotib olishga talabini aniqlab, korxonalar kesimida tarmoq jadvali ishlab chiqildi. Tarmoq jadvaliga asosan 2022-2024-yillarda jami 435 ta avtobus va mikroavtobus sotib oladigan korxonalar aniqlandi. Jumladan, 2022-yilda - 385 ta, 2023-yilda - 25 ta va 2024-yilda 25 ta.

2021-yilning o‘tgan davrida litsenziyalash masalalari bo‘yicha

amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida

(1.12.2021y. holatiga)

2021-yilning 1 dekabr holatiga Samarqand viloyatida 560 ta litsenziat 677 ta litsenziya asosida faoliyat yuritmoqda va ularda jami 9422 ta litsenziyalangan avtotransport vositalari bor.

Mavjud litsenziyalangan avtotransport vositalaridan - 731 ta avtobus, 145 ta mikroavtobus, 7856 ta yengil avtomobil, shulardan 5585 tasi yo‘nalishsiz taksi, 165 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 7 maydagi “Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 5108-sonli qarori asosida yakka tartibda tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslar, 1876 tasi DAMAS (yo‘nalishli taksi), 230 tasi buyurtma asosida (shartnoma asosida, turizm, xizmatchi va x.k.)

Xalqaro yuk tashuvchi yo‘nalishlarda – 690 ta avtotransport vositalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

         Davlat xizmatlari markazidan yoki davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan (YAIDXP), 2021 yilning o‘tgan davrida litsenziyalash masalalari bo‘yicha jami 4807ta arizalar kelib tushgan, ulardan: 4244tasi bo‘yicha ijobiy qarorlar qabul qilingan; 480tasi arizachi tomonidan bekor qilingan; 83tasi bo‘yicha arizachi tomonidan ma’lumotlarda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar qayd etilganligi, litsenziya da’vogarining litsenziya talablari va shartlariga nomuvofiqligi sababli rad etish uchun asos bo‘lgan.

Ijobiy ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha 577ta litsenziya va 14841ta litsenziya varaqalari rasmiylashtirilgan, shu jumladan:

         - yangi 571ta litsenziya va 14236ta litsenziya varaqasi;

         - 6ta litsenziya va 605ta litsenziya varaqasi qayta rasmiylashtirilgan;

Litsenziyalashdan 2021-yil o‘tgan davrda to‘lovlar miqdori qo‘yidagicha:

         - Davlat boji - 4 211 046 933,45 so‘m;

         - Arizani ko‘rib chiqishdan yig‘im - 843 334 800,0 so‘m.

Noqonuniy yo‘lovchi tashishga qarshi kurash

2021-yil 1 dekabr holatiga viloyat IIB YHXB bilan hamkorlikda 674 marta qo‘shma reyd tadbirlari o‘tkazilishi natijasida jami 2695 ta avtomobil transportida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish holatlari aniqlangan. Ularga belgilangan tartibda, ya’ni O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 176 moddasi 3 bandiga asosan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun tegishli tartibda sudlarga yuborilgan.

Sudlarga yuborilgan ma’muriy huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha sudlar tomonidan jami 1.387.5 (Bir milliard uch yuz sakson yetti ming besh yuz) so‘m miqdorida jarima jazolari tayinlangan. Bundan tashqari, o‘tkazilgan reydlar davomida noqonuniy yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi transport vositalarining haydovchilaridan 1790 tasi faoliyatini qonuniylashtirgan.

“Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonuniga ko‘ra, endilikda avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish holatlari qayd etilganda, “fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari miqdorida, mansabdor shaxslarga esa — o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi” hamda avtotransport vositalari jarima maydonchasiga qo‘yilmaydi.

Tenderlarni tashkil qilish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2020-yil 24-avgustdagi Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek “Avtomobil transportida yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari bo‘yicha Ochiq tenderlarni elektron tarzda tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-dekabrda qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga asosan, shahar, shahar atrofi va shaharlararo-viloyat ichki yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarida ishlash huquqini olish uchun Ochiq tender tanlovlari elektron tarzda onlayn formatda bo‘lib o‘tadi.

Bekatlar bo‘yicha

Samarqand viloyatida jami 874 ta avtobekatlar mavjud. Ushbu bekatlarning 310 tasi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga tegishli bo‘lsa, 115 tasi mahalliy hokimiyat organlari ixtiyorida hamda qolgan 449 tasi tadbirkorlik sub’ektlariga foydalanish uchun berilgan. O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, mavjud bekatlarning 81 tasi ta’mirtalab ahvolda.

2021 yil hisobidan 97 ta avtobekatlar qurilgan.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati