Kamchiliklar bartaraf qilindi

Nurobod tumani Sarikul qishlog‘ida yashovchi fuqarolar viloyat hokimi E.Turdimovning telegram messenjeriga 422 raqamli yo‘nalishda muntazam yo‘lovchi tashiyotgan transport vositalarining hech qanday tanish belgilari - epikirovkalari yo‘qligi, yo‘lkira haqi juda qimmatligi va tender talablariga javob bermasligi haqida murojaat qilgan.
Murojaatchilarning e’tiroziga sabab bo‘lgan 422-raqamli “Sarikul mahallasi – Nurobod avtoboshbekati” yo‘nalishida “Umarbek Umidjon ishonch” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli transport vositalari xizmat ko‘rsatadi. Murojaatda ko‘rsatilgan kamchiliklarni o‘rganish hamda ularni bartaraf qilish maqsadida viloyat transport boshqarmasi Tenderlarni tashkil qilish sektori xodimlari mazkur yo‘nalishda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalarini ko‘zdan kechirdi. Aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf qilinib, haydovchilar o‘rtasida yo‘lovchilar bilan samimiy munosabatda bo‘lish, yo‘l kira narxini sun’iy ravishda oshirmaslik, avtotransport vositasini har doim toza, ozada saqlash yuzasidan targ‘ibot ishlari olib borildi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati