Korrupsiya - taraqqiyot kushandasi

Korrupsiya - davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda, g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida, o‘z xizmat mavqeidan foydalanishda ifodalanadigan ijtimoiy hodisa. Aslida korrupsiya biror mansabdor shaxsning qonunchilik va axloqqa zid ravishda o‘zining boshqaruv vakolatlari va xuquqlaridan shaxsiy manfaatlar maqsadida foyda olishidir.
Bu illatning keng quloch yoyishi demokratik jarayonlarning amalga oshishiga to‘sqinlik qiladi. Shu bilan birgalikda korrupsiya iqtisodiy rivojlanishning sekinlashishiga sababchi bo‘lib, kadrlar sifatining pasayishi oqibatda barcha sohalarning oqsashiga, aholi orasida hukumatga bo‘lgan ishonchning yo‘qolishiga olib bo‘ladi.
9-dekabr – Korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan hamda sohada korrupsion holatlarning oldini olish, ijro intizomini mustahkamlash borasida Samarqand viloyati transport boshqarmasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda boshqarma xodimlariga “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va uning mohiyati, korrupsiyaning salbiy oqibatlari, korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi va imkon beruvchi omillar, pora olish yoki pora berishning qanchalik salbiy oqibatlarga olib kelishi yuzasidan batafsil tushunchalar berildi. Shu bilan birgalikda ijro intizomini mustahkamlash, berilgan vazifa va topshiriqlarni sidqidildan bajarish bugungi kunning muhim talablaridan ekanligi aytib o‘tildi.
Har bir xodim muomala madaniyati, kasb etikasiga rioya qilgan holda fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda murojaatchi bilan xushmuomalada bo‘lishi lozim. Xizmat vakolatidan foydalanib o‘zgalarga tazyiq o‘tkazmaslik, ularga o‘z manfaati yo‘lida topshiriqlar yoki iltimoslar qilmaslik bugungi kun davlat xizmatchisidan talab qilinadigan ma’suliyatli vazifadir. Ayniqsa, noqonuniy yo‘lovchi tashishga qarshi kurashishda yoki tashuvlar sifatini nazorat qilishda har bir inspektor o‘z xizmat vazifasini suistemol qilmasligi, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi harakatlarga (pora olish, berish) va ularga imkon beruvchi omillarga aralashmasliklari shart. Mahalliychilik, tanish-bilishchilik kabi salbiy illatlardan umuman voz kechish vaqti keldi.
Albatta, shaffoflik, ochiqlik siyosati amalga oshirilayotgan bugungi kunda poraxo‘rlik, ta’magirlik, moddiy manfaatni ustun qo‘yish kabi iqtisodiy rivojlanishini ortga suruvchi omillardan voz kechish davr talabidir. Korrupsiyaga qarshi kurash borasida birinchi navbatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish muhim ahamiyat kasb etadi. Poraxo‘rlik, tamagirlik kabi huquqbuzarliklarni aniqlash va ularga chek qo‘yish, bunday jinoyatlarga qarshi jazo muqarrarligini har bir shaxs bilishi zarur. Ushbu illatning naqadar mudhish ekanini tushungan, uni ongli ravishda idrok etgan odam bu jinoyatga qo‘l urmaydi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati