“Maroqand trans 777” MCHJ yo‘lovchi tashish uchun litsenziyaga ega  

23.11.2022

 

Bugun, 23-noyabr kuni Kompromatuzb telegram guruhida Samarqand shahrida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlagan avtobuslarning davlat raqami va litsenziyasi yo‘q, mazmunida murojaat qoldirildi.

 

Avvalo, jamoatchilik nazorati uchun Kompromatuzb telegram guruhi xodimlariga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz. Chunki, jamoatchilik nazorati orqali har bir sohada rivojlanish bo‘ladi.

 

Ma’lumki, Samarqand shahrida yo‘lovchi tashish sohasida avtobuslar yetishmovchiligi mavjud. Bu esa o‘z navbatida aholiga qiyinchiliklar tug‘dirib kelmoqda. Mazkur muammolarga barham berish Samarqand shahriga bosqichma-bosqich yangi avtobuslar olib kelinib, sinov tariqasida yo‘nalishlarga chiqarilayapti.

 

Bu ishlar zamirida birinchi navbatda sifatli transport xizmatini ko‘rsatish orqali aholiga qulayliklar yaratish masalasi turibdi.

 

Bundan tashqari, mazkur avtobuslar “Maroqand trans 777” MCHJga tegishli bo‘lib, korxona yo‘lovchi tashish uchun litsenziyaga ega. Shuningdek, hozirda avtobuslarga davlat raqami va litsenziya varaqasini olish masalalari bo‘yicha tegishli tartibda hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda.

 

Darvoqe, barcha jurnalist va blogerlarimiz O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda hududiy boshqarmalari xodimlarini “daryotrans” yoki “daryotransport inspektorlari” emas, balki O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi yoki transport boshqarmasi xodimlari deb atashsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

 

Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati