Mirzo Ulug‘bek nomli ko‘chada sodir bo‘lgan holat tashuvchi korxonalar rahbarlari ishtirokida muhokama etildi

14.10.2022

Yo‘l intizomni yoqtiradi, deyishadi. Birgina o‘ylanmay qilingan harakat bir insonning umriga nuqta qo‘yishi mumkin. Eng achinarlisi, bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida qanchalik tushuntirilmasin, yana va yana takrorlanaversa, taajjubda qolasan.

Fikrimizni bejizga bunday boshlamadik. Sababi kuni kecha, 13-oktabr kuni Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida 35 va 3-yo‘nalishda harakatlanuvchi avtobus haydovchilari bilan fojia sodir bo‘ldi. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida vakolatli organlar hamda yo‘lovchi tashish sohasida faoliyat olib boruvchi korxonalar ishtirokida navbatdagi muhokama jarayoni bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat IIB JXX YHXB Texnika nazorati bo‘limi katta inspektori M.Tog‘ayev qatnashib, tashuvchi korxonalar rahbarlari hamda texnika va harakat xavfsizligi uchun mas’ullar o‘z ishiga loqaydlarcha munosabatda bo‘lganligi natijasida avtomobil yo‘llarida turli xil qoidabuzarlik kelib chiqayotganligini aytdi.

Eng achinarlisi, avtobus haydovchilarining harakat davomidagi qoidabuzarligi natijasida millionlab jarimalar kelsa-da, korxonalar rahbarlarining beparvoligi, oxir-oqibat avtotransport vositalari jarima maydoniga qo‘yilgach, iddoalar ko‘payishi misollar tariqasida sanab o‘tildi.

Transport boshqarmasi yoki IIB YHXB xodimlari har bir avtobus haydovchisining yonida yurib xatolarini to‘g‘rilashga vaqti yetmaydi. Bunda Siz - tashuvchi korxonaning mas’ullari ham javobgarlikni o‘z zimmangizga olishingiz kerak. Yo‘nalishlardagi har bir avtobus doimiy nazorat qilish shart, deya so‘zini yakunladi viloyat IIB JXX YHXB Texnika nazorati bo‘limi katta inspektori M.Tog‘ayev

Shuningdek, muhokama jarayonida tashuvchi korxonalar rahbarlari sodir bo‘lgan fojiada barcha birdek o‘zini aybdor sanashini, endilikda nazoratni yanada kuchaytirishini aytib o‘tishdi.

P.S. 12-oktabr kuni esa aynan “Afrosiyob-trans-servis” MCHJda boshqarmaning avtomobil tashuvlarini nazorat qilish bo‘limi inspektorlari yo‘l transport hodisalarini oldini olish, yo‘lovchilar bilan ziddiyatga bormaslik, tozalik masalalarida suhbat o‘tkazilgandi.

To‘g‘ri, kimdir bu fikrlarimizni o‘zini oqlash, deya talqin qilishi mumkin. Biroq, transport boshqarmasi o‘ziga berilgan vakolat doirasida jamoat transportini rivojlantirish va tartibga solish borasida barcha ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Vakolat doirasida tashqari bo‘lgan holatlarga aralashish imkoniga ega emas.

Hurmatli haydovchilar! Yo‘llarda belgilangan tartib qoidalarga amal qilish, haydovchilik madaniyatiga rioya qilish orqali o‘zingizni hamda yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilarini har xil ko‘ngilni xira qiladigan holatlarga barham beraylik! Yuksak haydovchilik madaniyati bilan harakatlanishni har birimiz o‘zimizdan boshlaylik!

Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati