“Muammo xolis yoritildimi?”

30.01.2025

Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati transport boshqarmasi muassisligidagi “Samarqandyo‘lovchitrans” Davlat korxonasi haydovchilarining transport boshqarmasi boshlig‘ining xatti-harakatlaridan “norozi” bo‘lganligi yuzasidan murojaatlar e’lon qilib borilmoqda. Yodda tuting, jurnalist holatni bir tomonning fikriga tayangan holda yoritgan.

Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar va unga yetaklovchi omillar yuzasidan Samarqand viloyati transport boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi:

Birinchi navbatda “Samarqandyo‘lovchitrans” Davlat korxonasi Samarqand viloyati transport boshqarmasi muassisligidagi tashkilot ekanligi qayd etish lozim. Boshqarma “Samarqandyo‘lovchitrans” Davlat korxonasini nazorat qilish huquqiga ega. Buni yodda tutmoq kerak. 

 

Maqsad nima? Bir tomonlama fikrlar orqali obro‘sizlantirishmi? Nega asosiy o‘ringa “plan” chiqarildi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 59-sonli qarorida yo‘lkira haqi tushumlari vakolatli davlat organi tasarrufiga o‘tkazilgan holda tashuvchilar uchun yo‘lkira haqini kunlik yig‘ish reja-topshirig‘ini belgilash amaliyoti bekor qilinishi ko‘rsatib o‘tilgan. Boshqarma ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari orqali reja-topshirig‘ini belgilash amaliyoti bekor qilinishini targ‘ibot qilib kelgan.

Endi “plan” masalasiga to‘xtalsak. Ko‘tarilgan murojaatda qayta-qayta “plan” so‘zi takrorlanyapti. Aslida boshqarma boshlig‘i ish boshlanishidan oldin kimga “sening bir kunlik “plan”ing shuncha summani tashkil qiladi”, deb shart qo‘ygan? Yoki kimga “bugungi “plan”ing shuncha summani tashkil qilishi kerak, sen “plan”ni bajarmading, deb tanbeh bergan? Marhamat, asoslar bormi? Shoshmang! Fikrimizni davomini o‘qing!

“Konduktor”lar qaysi manba hisobidan xizmat haqini olgan

Boshqarma boshlig‘i kunlik yo‘lovchilar oqimidan kelib tushgan pul mablag‘lari to‘g‘ri topshirilganligi yoki yo‘qligini bilish maqsadida muassislikdagi korxonada kuzatuv o‘tkazgan. Bunga sabab o‘tkazilgan videokuzatuvlarda, elektrobuslarda “Samarqandyo‘lovchitrans” Davlat korxonasi shtatlar tarkibida ko‘rsatilmagan “konduktor”lar paydo bo‘lganligi!!! Ushbu “konduktor”lar qaysi mablag‘lar hisobidan xizmatiga yarasha haq olishini o‘rganish maqsad qilingan. Ushbu holatni nazardan qochirishda korxona rahbariyatining ham moddiy manfaati bo‘lish ehtimoli mavjud. 

Bundan tashqari, elektrobuslardagi yo‘lovchi oqimini hisoblovchi qurilma va g‘aznaga topshirilgan yo‘lkira haqidan tushgan naqd pulda katta tafovut kelib chiqqan. Shuningdek, garchi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi “O‘zbekiston respublikasida avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga doir talablarni tasdiqlash haqida” 482-son qarori hamda tender shartnomasida yo‘lovchilarga berilgan naqd pul uchun chipta berish sharti ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, korxona tomonidan ushbu tizim yo‘lga qo‘yilmagan. Buning natijasida naqd pul tushumining hisobini olish imkoni yo‘q yoki qasddan yo‘qotilgan. (Sof vijdon bilan ayting, boshqarma boshlig‘i ushbu holatlarni nazorat qilishga haqi yo‘qmi?)

Endi murojaatdagi “yo‘lovchilar salonga chiqib, tushib ketdi” vajiga e’tibor qaratsak. Bu isboti bor bo‘lgan masala, ya’ni har bir elektrobusning salonida holatni to‘liq qayd qiluvchi videokameralar mavjud. O‘rtada farq kelib chiqdimi, kameradagi qaydlar orqali holatga oydinlik kiritish mumkin. Masalaning qiziq tomoni shundaki, nega haydovchilar ushbu holatga e’tibor qaratmasdan “bizdan “plan” talab qilishmoqda” degan vajlar bilan ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv ko‘tardi?! Aslida hech kim ularga “bugungi “plan”ing shuncha bo‘ladi”, deb shart qo‘ymagan!

Endi boshqarma boshlig‘i tomonidan 250 000 (ikki yuzi ellik ming) pul shaxsiy maqsadlarda olib ketildi, degan ayblovga kelsak. Ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida huquqni himoya qilish organlariga murojaat qilinadi. Tuhmat yoki haqiqat, bunga ular tomonidan ajrim beriladi.

Shu o‘rinda javobini kutayotgan ba’zi bir savollari bor!

Boshqarma tomonidan tashkil etilishi rejalashtirilgan matbuot anjumanining e’lonida OAV xodimlari, jurnalist va blogerlar taklif etilgandi. Biroq, “Samarqandyo‘lovchitrans” Davlat korxonasi rahbariyati yoki haydovchilari emas. Qiziq joyi, korxona mutasaddilarining taklif etilmagan matbuot ishida qatnashishdan muhimroq ishi yo‘qmi? Haydovchilarni bu yerga kimdir olib keldimi yoki o‘zlari keldimi?

Haydovchilar elektrobuslarda o‘rnatilgan yo‘lovchilarni hisoblovchi uskunalar ma’lumotlarini inkor qilar ekan, yoki kimdandir norozi ekan, nega yuqori turuvchi va boshqa tashkilotlarga murojaat etishmadi?

Bundan tashqari, elektrobuslarda aholidan noqonuniy ravishda pul yig‘uvchi “maxsus yollangan” “konduktor”lar qaysi hisobdan mablag‘ olishgan?