Munosabat: 256-raqamli aftobus bilan bog`liq murojaat yuzasidan

04.10.2021

2021-yilning 15-sentabr kuni facebook tarmog‘idagi “Я-Самаркандец” kanalida Olga Abdullayeva 256-yo‘nalishdagi avtobus haydovchisi tomonidan yollangan konduktorning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib murojaat qoldirgan. Shuningdek, ushbu murojaat telegram tarmog`idagi Samarkand&самаркандцы kanaliga joylangan.

Murojaatga ko‘ra, “Polvonariq avto” MCHJga tegishli 256-raqamli “Hazora ABB–Farhod qo‘rg‘oni” shahar avtobus yo‘nalishida harakatlanuvchi avtotransport vositasining pattachisi (konduktori) yoshi keksa yo‘lovchiga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgani, unga hurmatsizlik qilgani bayon etilgan.

Holatga oydinlik kiritish maqsadida viloyat transport boshqarmasi xodimlari “Polvonariq avto” MChJda bo‘lishdi. Olib borilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, joriy yilning 15-sentabr kuni 256-raqamli shahar avtobus yo‘nalishida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi, davlat raqami 30 905 ABA bo‘lgan transport vositasining haydovchisi I.M. tomonidan o‘zaro kelishuvga asosan yollangan konduktor va yo‘lovchi o‘rtasida haqiqatan ham kelishmovchilik yuz bergan. Bunga yollanma xodimning yo`lovchilar bilan ishlashda malakasi yetishmasligi sabab bo`lgan. Hozirda ushbu yo`nalishdagi mazkur transport vositasi yo`lovchilarga konduktorsiz xizmat ko`rsatmoqda.

Bunday ko‘ngilsiz holatlarning takrorlanmasligi uchun “Polvonariq avto” MCHJ rahbar va xodimlari o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi. Unda xodimlarning noqonuniy ishlashiga chek qo‘yish lozimligi yuzasidan taklif bildirildi. Konduktorlar xizmatiga ehtiyoj sezilgan taqdirda ularni qonuniy asosda ishga olish, muomala va kiyinish madaniyatiga jiddiy e’tibor qaratish, yo‘lovchilar bilan samimiy munosabatda bo‘lish naqadar muhimligi ta’kidlandi. Har bir haydovchidan xizmat faoliyatini sidqidildan bajarishi, yo`lovchilar bilan muloqotga kirishishda odob-axloq chegarasidan chiqmaslik muhimligi tushuntirildi.

Shuningdek, avtobuslarning sanitariya holati e’tibor qaratish, texnik ko‘rikdan o‘tishida loqaydlikka berilmaslik, belgilangan jadval asosida harakatlanish muhimligiga alohida urg`u berildi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati