Munosabat: 51-raqamli shahar avtobus yo‘nalishi bilan bog`liq holat yuzasidan

Feysbuk tarmog‘idagi “Я-Самаркандец” kanalida “Aziz Hilola avta trans” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli 51-raqamli shahar avtobus yo‘nalishida harakatlanuvchi transport vositalari hatti-harakatlari yuzasidan murojaat tarqaldi. Holatga oydinlik kiritish hamda yo`lovchi tashish sohasida kelib chiqayotgan muammolarning oldini olish maqsadida Samarqand viloyati transport boshqarmasi xodimlari “Aziz Hilola avto trans” mas’uliyati cheklangan jamiyatida haydovchilar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazishdi.
Tushuntirish ishlari davomida Sattepo maskanida 51-raqamli shahar avtobus yo`nalishida harakatlanuvchi avtotransport vositasining haydovchisining hatti-harakatlari muhokama qilindi.
Yigilishda mutasaddilar, birinchi navbatda yo`l harakati qoidalarini buzmaslik, avtobuslarning sanitar va texnik holatiga e’tibor qaratish, yo‘lovchilar bilan muloqotga kirishida odob doirasidan chetga chiqmaslik masalasi yuzasidan ogohlantirish berib o`tdi. Shuningdek, belgilangan oraliq vaqtlarga riyo qilish, parallel yo‘nalishdagi avtobuslar bilan kimo‘zarga harakatlanmaslik masalasi yuzasidan ham tavsiya berildi. Aks holda qonunda belgilangan tartibda jazo belgilanishi muqarrar ekanligi ta`kidlandi.
Profilaktik suhbat davomida “Aziz Hilola avta trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati mas`uli M.Soatov har bir haydovchini shaxsan nazorat qilishini bildirdi. Tashuvlarda xavfsizlikka e’tibor qilmagan, yo‘lovchilarning e’tiroziga sabab bo‘layotgan omillarni keltirib chiqargan haydovchilarga qonunda belgilangan tartibda jazo berilishini aytib o‘tdi.
Shu o`rinda barcha yo`l harakati ishtirokchilaridan bir-birlariga o`zaro hurmat bo`lishlarini, yuksak haydovchilik madaniyatiga rioya qilishlarini so`rab qolamiz.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati