Munosabat: 93-raqamli shahar avtobus yo‘nalishi bilan bog`liq holat yuzasidan

Feysbuk tarmog‘idagi Shaxzoda Shaxzoda nomli foydalanuvchi hamda telegram tarmog‘idagi Samarkand & Samarkandsi | VAKSINA OLING kanalida “Binafsha trans” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli 93-raqamli shahar avtobus yo‘nalishida harakatlanuvchi transport vositalari hatti-harakatlari yuzasidan murojaat tarqaldi. Holatga oydinlik kiritish hamda bunday noxush holatlarga chek qo‘yish maqsadida Samarqand viloyati transport boshqarmasi xodimlari “Binafsha trans” mas’uliyati cheklangan jamiyatida haydovchilar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazishdi.
Birinchi navbatda avtobuslarning sanitar va texnik holatiga e’tibor qaratish, yo‘lovchilar bilan muloqotga kirishida odob doirasidan chetga chiqmaslik masalasi o‘rtaga tashlandi. Shuningdek, belgilangan oraliq vaqtlarga e’tibor qaratish, parallel yo‘nalishdagi avtobuslar bilan kimo‘zarga harakatlanmaslik masalasi yuzasidan ham ogohlantirish berildi.
Profilaktik suhbat davomida “Binafsha trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari A.Rahimov har bir haydovchini shaxsan nazorat qilishini bildirdi. Tashuvlarda xavfsizlikka e’tibor qilmagan, yo‘lovchilarning e’tiroziga sabab bo‘layotgan omillarni keltirib chiqargan haydovchilarga qonunda belgilangan tartibda jazo berilishini aytib o‘tdi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati