Munosabat: Avtobus o`rindiqlarsiz bo`lmaydi

Zarnews.uz internet nashrida Hikmatullo Tohirovning jamoat transportida yuzaga kelayotgan muammoli holat, ya’ni avtobusdagi o‘rindiqlar olib tashlanganligi haqidagi tanqidiy fikrlari e’lon qilindi.
Haqiqatan ham bugungi kunda avtobuslardagi o‘rindiqlar yetishmasligi yoki ularni o‘zboshimchalik bilan olib tashlash holatlari uchramoqda. Bunday salbiy holatlarga barham berish, jamoat transporti sifatini yaxshilash, e’tirozlarga sababchi bo‘ladigan harakatlar sodir etmaslik maqsadida viloyat transport boshqarmasida vakolatli tashkilotlar ishtirokida tashuvchi korxonalar rahbarlari bilan bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishlarda doimiy ogohlantirishlar berib kelinadi. Biroq, aytilgan gaplar, tashuvchilar tomonidan berilgan va’dalar tezda unutilayotgandek.
Maqolada ko‘tarilgan muammoga barham berish maqsadida raqamlari keltirib o‘tilgan yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatuvchi avtokorxonalar rahbarlari bilan holatni o‘rgandik. Unda aytilgan fikrlar o‘z isbotini topdi. Muammoni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlari kamchiliklarni tez kunda bartaraf qilishlarini aytib o‘tishdi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi rahbariyati Hikmatillo Tohirovni jamoat transporti bilan bog‘liq muammolarga e’tiborsiz bo‘lmaganligi uchun olqishlaydi. Albatta, jamoat nazorati muammolarni yuzaga chiqarishda hamda uni bartaraf qilishda muhim o‘rin egallaydi.
Viloyat transport boshqarmasi tashuvchi korxonalarning mutasaddilari tomonidan berilgan va’dalar ijrosini nazorat qilib boradi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati